
Koreyada olingan haydovchilik guvohnomalari O‘zbekistonda tan olinmayapti — talabalar murojaati
Janubiy Koreyada yashayotgan o‘zbekistonlik talabalar Koreyada olingan haydovchilik guvohnomalari O‘zbekistonda tan olinmayotganidan norozi. Ular xalqaro bitimga amal qilinmayotgani haqida Prezidentga videomurojaat yo‘llab, Vaqt.uzʼga yubordi.

Vaqt.uz tahririyatiga Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonlik talabalardan Prezident nomiga yo‘llangan murojaat kelib tushdi. Murojaatda 2015 yil 13 may kuni O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida imzolangan «Haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risida»gi xalqaro bitim ijrosi masalasi ko‘tarilgan.
Talabalarning ta’kidlashicha, ushbu bitimda fuqarolikka oid cheklov belgilanmagan bo‘lib, u ikki davlat fuqarolari uchun to‘liq amal qilishi kerak. Biroq, ayni paytda O‘zbekistonda mazkur xalqaro kelishuvning amaliyotida muammolar mavjud. Ular fikricha, ayrim idoralar bitimni noto‘g‘ri talqin qilib, fuqarolarning qonuniy huquqlarini cheklamoqda.
Murojaatda bu holat O‘zbekiston Konstitutsiyasining 18-moddasidagi fuqarolarning teng huquqliligi, 19-moddasidagi davlat organlarining fuqarolar huquqlarini kafolatlash majburiyati hamda 20-moddasida belgilangan «huquqlar faqat qonun bilan cheklanishi mumkin», tamoyiliga zid ekani ta’kidlangan.
Janubiy Koreyadagi talabalar Prezidentdan xalqaro bitimning so‘zsiz ijrosini ta’minlash va xorijda yashayotgan vatandoshlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha chora ko‘rishni so‘rashgan.
Bundan tashqari, Vaqt.uz tahririyatiga fuqaro Z.I.Jo‘rayev tomonidan Janubiy Koreyada olingan haydovchilik guvohnomasini O‘zbekistonda tan olish masalasida murojaat kelib tushgan. Uning aytishicha, u Janubiy Koreyada qonuniy ravishda haydovchilik guvohnomasini olgan va O‘zbekiston hamda Koreya o‘rtasida tuzilgan xalqaro bitimga muvofiq, bu hujjatdan O‘zbekiston hududida bemalol foydalanish huquqiga ega bo‘lishi kerak.
Jo‘rayevga 2025 yil 20 fevral kuni Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi (YHXBB) rasmiy xat orqali «Bitimga muvofiq, O‘zbekistonda bemalol boshqarib yura olasiz», degan ruxsat berilgan. Ammo oradan besh oy o‘tib, 23 iyul kuni YHXBB o‘z qarorini o‘zgartirib, «biz adashgan ekanmiz» qabilida bu huquqni ichki qonunlarga asoslanib bekor qilgan.
Rasmiy javobda vazirlik O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida 2015 yil 24 dekabrda imzolangan bitimni eslab o‘tgan. Unga ko‘ra, agar Koreya haydovchilik guvohnomasi apostil bilan tasdiqlangan va uning o‘zbek tilidagi notarial tarjimasi mavjud bo‘lsa, bu hujjat O‘zbekiston haydovchilik guvohnomasi bilan teng hisoblanadi. Biroq vazirlik 2018 yil 31 maydagi 408-sonli hukumat qaroriga tayanib, O‘zbekiston fuqarolari mamlakat ichida faqat milliy haydovchilik guvohnomasi bilan avtomobil boshqarishi mumkinligini bildirgan.
Shuningdek, Jo‘rayevga xalqaro bitim Janubiy Koreya fuqarolari uchun amal qiladi, o‘zbekistonliklar esa bu imtiyozdan foydalana olmasligi aytilgan. Ushbu izohni u xalqaro hujjatga zid va kamsituvchi, deb baholagan.
Uning ta’kidlashicha, bitimda fuqarolik cheklovi haqida biror band yo‘q, shu bois bu qaror asossiz. U qayd etganidek, ayni sababli Koreyada haydovchilik guvohnomasini qonuniy olgan 500 nafardan ortiq o‘zbekistonlik yosh o‘z huquqidan foydalana olmay, sarson bo‘lib yuribdi.
Fuqaro xalqaro bitimning to‘liq ijrosini ta’minlashni, ichki idoralar qarorini qayta ko‘rib chiqishni va fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashni so‘ragan.
Holat yuzasidan Vaqt.uz jurnalisti YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev bilan bog‘langanda, u hech qanday muammo yo‘qligini va murojaatga javob allaqachon berilganini ma’lum qildi.
Biroq, Jo‘rayev cheklovlar hanuz davom etayotganini bildirib, bu masala yuzasidan aniq qaror chiqarilishini so‘ramoqda.
Vaqt.uz vaziyatni o‘rganmoqda va ushbu masala bo‘yicha qo‘shimcha surishtiruv olib bormoqda.
Teglar






