Kredit va omonat foizlari 4 yillik minimumga tushdi. Nima uchun?

Bugun 17:172 daqiqa

Mart oyida jismoniy shaxslarning kredit va depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 2022-yildan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Nega bunday bo‘layotgani va kutilmalar haqida Vaqt.uz'da o‘qing.

Kredit va omonat foizlari 4 yillik minimumga tushdi. Nima uchun?

O‘zbekiston banklarida mart oyida jismoniy shaxslar uchun ajratilgan kreditlar va ularning omonatlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi bir necha yillik eng past darajada bo‘ldi. 

Aholi uchun ajratilgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi mart oyida 21,9 foizni tashkil qildi. Bu 4 yillik — 2022 yil mart oyidan beri eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. 

1

O‘shanda Rossiya va Ukraina o‘rtasida boshlangan urush ta’siri natijasida Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizdan darhol 17 foizga oshirgandi. Bu esa kredit foiz stavkalarining ham oshishiga olib kelgan. 

Oradan 4 yil o‘tib kredit foiz stavkalari urushdan avvalgi davrga qaytmoqda. Ayni paytda ham Markaziy bank asosiy stavkasi 14 foizni tashkil qiladi. 

Shu bilan birgalikda, O‘zbekistonda mikroqarzlar va avtokreditlar bo‘yicha ham foiz stavkasi pasayib bormoqda. 

4-may holatiga ko‘ra, avtokreditlarning o‘rtacha foizi 22,3 foizgacha pasayib, ma’lumotlar e’lon qilish boshlangandan beri eng past darajaga tushgandi. Mikroqarzlar bilan esa bu holat 27-aprel holati bo‘yicha kuzatildi — 28,7 foiz. 

Omonatlar ham pasaymoqda

Mart oyida aholining muddatli omonatlari uchun o‘rtacha foiz stavkasi 20,5 foizni tashkil qildi. Oxirgi marta bundan past foiz stavkalari 2022 yil dekabr oyida kuzatilgandi — 20,2 foiz. 

2

Omonatlarning pasayishiga Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan chegara ham ta’sir qildi. 2025 yil boshida aholi omonatlarining maksimal foiz stavkasi dastlab 27 foizdan 26 foizga, keyinchalik 23 foizgacha tushirilgandi. 

O‘sha paytda manbalar omonatlar uchun foiz stavkasi pasaytirilishi Markaziy bank tomonidan berilgan “ko‘rsatma” ekanini ta’kidlagandi. 

Shunga qaramay, inflatsiya pasayishi ortidan inflyatsion kutilmalarning kamayishi hisobiga omonatlarning real foiz stavkasi mart oyiga kelib rekord darajada yuqori bo‘lib turibdi — 8,5 foiz. 

Bank kreditlari bo‘yicha real foiz stavkasi esa 8,8 foizni tashkil qilgan. Bunda tijorat kreditlari bo‘yicha real foiz stavkasi yuqoriroq shakllangan — 9,8 foiz. 

Kutilmalar qanday? 

Markaziy bank inflatsiyani 5 foizgacha pasaytirishni maqsad qilgan. Regulyator bu ko‘rsatkichga 2027 yilning so‘nggida erishishni kutmoqda. 

Ayni paytda inflatsiya 7 foizni tashkil qiladi. 5 foizlik inflatsiya ortidan kredit va depozit foiz stavkalarini yanada pasayishi haqiqatga yaqin. 

Bunda inflyatsion kutilmalar pasayishi hisobiga real foiz stavkalari ham tushishda davom etadi. 

3

Biroq, 5 foizlik inflatsiyaga 2027 yilda erishish bir muncha qiyin bo‘ladi. Markaziy bank tomonidan moliya sohasi ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada maqsadli ko‘rsatkichga erishish muddatiga skeptik qaralgandi. 

Ekspertlarning aksariyati 5 foizlik inflatsiya 2028 yildan boshlab imkonli bo‘ladi deb hisoblamoqda. 

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 161

Barchasi

Mavzuga oid