
Kreml frontda o‘sib borayotgan yo‘qotishlar bosimida qoldi — «Bloomberg»
«Bloomberg» tahliliga ko‘ra, Ukrainadagi urushda Rossiya yo‘qotishlari keskin oshmoqda va bu Kremlni mobilizatsiya haqida og‘ir qarorlar oldida qoldiryapti.

So‘nggi haftalarda Ukrainada Rossiya armiyasining yo‘qotishlari sezilarli darajada oshgan, deb yozmoqda. «Bloomberg». Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, Moskva mavjud zaxiralar hisobiga frontdagi kamayishni qoplay olmasligi mumkin. Manbalarga ko‘ra, dekabr oyidayoq Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaga 35 ming nafar shaxsiy tarkibiga talafot yetkazgan.
Nashr ta’kidlashicha, Yevropa razvedka xizmatlari Rossiyaning oylik yo‘qotishlari yangi shartnoma asosida armiyaga jalb etish sur’atiga deyarli tenglashganini qayd etmoqda. Bu esa Kreml uchun strategik muammoga aylanyapti. Chunki yirik miqyosdagi yangi mobilizatsiya siyosiy va ijtimoiy jihatdan yuqori xatarlar bilan bog‘liq.
«Bloomberg» tahliliga ko‘ra, hozircha Rossiya rahbariyati bunday qarordan qochishga harakat qilyapti, ammo frontdagi vaziyat bunga imkon qoldirmasligi mumkin.
Dronlar omili
Yo‘qotishlar o‘sishining asosiy sabablaridan biri sifatida Ukraina tomonidan dronlardan foydalanish samaradorligining oshgani ko‘rsatiladi. Yevropa hukumatlarining baholashiga ko‘ra, so‘nggi oylarda halok bo‘lganlar bilan yaralanganlar nisbatida halok bo‘lganlar ulushi orta boshlagan.
Nashr manbalarining aytishicha, Ukraina har bir zarbani qayd etish va tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Bu esa Yevropa razvedkasiga Rossiya yo‘qotishlari haqida yuqori ishonchli ma’lumotlar berayapti. Natijada, Rossiya uchun texnologiya va shaxsiy tarkib o‘rtasidagi muvozanat yanada og‘irlashmoqda.
Rossiya tomoni ko‘proq shartnoma asosida jang qiladigan askarlarni jalb qilish uchun katta bir martalik bonuslar va yuqori maoshlar taklif qilmoqda. Biroq «Bloomberg»ning qayd etishicha, zamonaviy urushda hal qiluvchi omil faqat odam soni emas, balki dron texnologiyalari ham hisoblanadi.
Muzokaralarga ta’sir
Tahlilchilar fikricha, frontda strategik yutuqlarga erishilmayotgani va yo‘qotishlar o‘sishi Kremlning muzokaralardagi pozitsiyalarini zaiflashtirishi mumkin. «Bloomberg» bu holat Rossiya rahbari Vladimir Putin uchun qo‘shimcha bosim omilga aylanayotganini ta’kidlaydi.
Nashrga ko‘ra, bu vaziyat Moskva yaratib kelayotgan «muqarrar g‘alaba» manzarasini ham shubha ostiga qo‘yadi. Agar yo‘qotishlar darajasi saqlanib qolsa, Rossiya oldida yoki harbiy safarbarlik yoki frontdagi imkoniyatlarni qisqartirishdek og‘ir tanlov turibdi.





