add

Kreml muzokaralarda: Donbassni barcha Rossiyaniki deb tan olsin

Rossiya Ukraina bilan muzokaralarda urushni tugatish sharti sifatida Donbass anneksiyasini butun dunyo tan olishini talab qilmoqda.

Kreml muzokaralarda: Donbassni barcha Rossiyaniki deb tan olsin

Rossiya Ukraina bilan urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda Donbassni Rossiya hududi sifatida umumjahon miqyosida tan olishni asosiy shartlardan biri sifatida ilgari surmoqda. Bu haqda Abu Dabidagi muzokaralarga yaqin g‘arb manbasiga tayanib «TASS» xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Kreml bu talabni «katta kelishuv»ning ajralmas qismi sifatida ko‘radi.

«Rossiya tomoni uchun Donbassni barcha davlatlar tomonidan tan olish masalasi juda muhim hisoblanadi», — degan suhbatdosh.

4–5-fevral kunlari Abu Dabida Rossiya, Ukraina va AQSH ishtirokida yil boshidan buyon ikkinchi uch tomonlama muzokaralar davom etmoqda.

Qat’iy pozitsiyalar

Avvalroq Moskva bunday talabni ochiq ravishda bildirmagan edi. Ilgari Vladimir Putin urushni tugatish uchun Ukraina qo‘shinlarining Rossiya armiyasi tomonidan to‘liq bosib olinmagan Donbass hududlaridan chiqarilishini asosiy shart sifatida aytgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Kiyev bu hududlardan «hech qanday holatda» voz kechmasligini bir necha bor ta’kidlagan.

AQSH tomoni Donbassda neytral kuchlarni joylashtirish va tomonlarni ajratishni taklif qilgan, ammo Moskva bu variantlarni qat’iy rad etgani haqida The New York Times yozgan. Kreml «demilitarizatsiya zonasi» ssenariysida ham hudud Rossiya nazoratida qolishini, faqat harbiylar o‘rniga Rosgvardiya joylashtirilishini bildirgan.

Muzokaralar kelajagi

Zelenskiyning ta’kidlashicha, hatto front chizig‘i bo‘yicha mojaroni muzlatishning o‘zi Kiyev uchun jiddiy yon berish hisoblanadi. Donbassdan voz kechish esa Rossiyaga yangi hujum uchun mustahkam platsdarm yaratib berishi mumkin.

U Vashingtonning ilk 28 punktli rejasida AQSH va boshqa davlatlar Qrim va Donbassni Rossiyaniki deb tan olishi ko‘zda tutilganini, keyin esa Ukraina bilan maslahatlardan so‘ng reja 20 punktga qisqartirilganini qayd etgan.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio avvalgi muzokaralardan so‘ng hududlar masalasi eng qiyin yechim talab qilayotgan nuqta ekanini tan olgan. Bu ortiqcha bosim fonida muzokaralar taqdiri hamon noaniq qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid