add

Kremlning Armanistonga nisbatan siyosati yangi bosqichga o‘tmoqda

24.05.2025 | 10:0026215

Rossiya Armaniston bilan munosabatlarni qayta tiklashga intilayotgan paytda, Kreml diplomatik bosim o‘rniga elitalar bilan muloqot va siyosiy jarayonlarni nazorat qilish orqali ta’sirini tiklashni maqsad qilmoqda. Yaqinlashuv strategiyasidagi markaziy figura — Sergey Kiriyenko.

Kremlning Armanistonga nisbatan siyosati yangi bosqichga o‘tmoqda
Sergey Lavrovning so‘nggi Yerevanga safari Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi aloqalarda muayyan yumshash boshlanganini ko‘rsatmoqda. Moskvadagi tahlilchilar fikricha, ikki davlat munosabatlaridagi inqiroz davri ortida qolib, Kremlning yangi strategik yondashuvi ishga tushmoqda. Bu jarayonda asosiy e’tibor 2025 yilda Armanistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga qaratilmoqda, deb yozadi Haqqin.az tahlilchisi Farhod Mamedov. Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko bu jarayonda muhim o‘rin tutadi. Uning Abxaziyadagi muvaffaqiyatli antikrizis tajribasi Armaniston yo‘nalishida ham ijobiy natija berishi mumkin, deb hisoblaydi tahlilchi Sergey Bespalov. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Rossiya xalqaro ishlar kengashi rahbari Milan Lazovichning ta’kidlashicha, Lavrovning tashrifi Moskva bilan Yerevan o‘rtasidagi aloqalarni qayta ko‘rib chiqish, ochiqlikni namoyon qilish va hamkorlikni tiklashga urinish bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Armanistonni hamon Janubiy Kavkazdagi asosiy ittifoqchisi deb hisoblaydi. Lazovich shuningdek, Armaniston rahbariyati 2023 yilda hissiyotli qaror qabul qilib, xavfsizlik bo‘yicha kafolatlarni G‘arbdan izlay boshlaganini, ammo ayni paytda Rossiya asosiy xavfsizlik kafolatchisi sifatida qabul qilinayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, KXSHTda ishtirokni tiklash va YeOIIda qolish Armaniston uchun hayotiy ahamiyatga ega. Bir paytlar Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko tomonidan Armanistonni Rossiya-Belarus ittifoq davlatiga qo‘shilishga chaqiruv ham ma’lum darajada qayta muhokamaga chiqdi. Lekin Kreml bu masalani jamoatchilikdagi keskin qarama-qarshilik tufayli hozircha oldinga surmasdan, orqa fondda ish olib borishni ma’qul ko‘rmoqda. Armanistondagi jamoatchilik fikri hozircha Rossiya bilan chuqur integratsiyani qo‘llab-quvvatlamasligini inobatga olgan Kreml bosqichma-bosqich yaqinlashuvni tanlagan. Moskva kutmoqdaki, agar saylov natijasida Kocharyan-Sargsyan ittifoqi qayta hokimiyatga qaytsa, integratsiya masalasi yana kun tartibiga qaytishi mumkin. Biroq bunday ssenariy ehtimoli Kremlning o‘zida ham past baholanmoqda. Shu munosabat bilan Moskva hozirgi hukumat bilan ehtiyotkor va diplomatik muloqotni rivojlantirish strategiyasini qabul qilgan. Valentina Matviyenkoning yaqindagi Yerevanga rejalashtirilgan tashrifi aynan shu strategiyaning davomidir va ikki davlat o‘rtasida muntazam muloqotni qayta tiklashga qaratilgan.  

Teglar

Mavzuga oid