add

Kriptovalyuta emas kriptopul: 66 ta xorijiy atamaning o‘zbekcha muqobili tasdiqlandi

Kecha 08:257442 daqiqa

Yangi ro‘yxatdagi so‘zlar orasida xalq orasida keng tarqalgan «vertolyot» so‘zi «tikuchar», «negativ» so‘zi «salbiy», «penablok» so‘zi «po‘kak g‘isht», «rakovina» so‘zi esa «chanoq» deb tarjima qilindi.

Kriptovalyuta emas kriptopul: 66 ta xorijiy atamaning o‘zbekcha muqobili tasdiqlandi

Atamalar komissiyasining ishchi kengashi — Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari 66 ta xorijiy atamaning o‘zbekcha muqobillarini ko‘rib chiqib, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi.

Xorijiy atamalarni o‘zbekcha muqobillariga almashtirish bo‘yicha tegishli tashkilotlar ishchi guruhlari va jamoatchilik yuborgan takliflar Atamalar komissiyasining ishchi kengashi — Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlari tomonidan ko‘rib chiqildi.

Taqdim etilgan ro‘yxatda fan, texnika, san’at, to‘qimachilik, ijtimoiy hayot va axborot texnologiyalari kabi sohalarda qo‘llanadigan atamalar qamrab olingan. Shunga qo‘shimcha ravishda, texnik sohada ishlatiladigan qisqa shakldagi atamalar —ETHAT, DQU va AVF kabi qisqartmalar ham o‘zbekcha mazmunga mos holda qayta ifodalangan.

Masalan:

  • Akkompanement — jo‘rnavozlik

  • Anomal — g‘ayritabiiy / noodatiy

  • Banket — ziyofat

  • Blokcheyn — zanjirblok

  • Bonus — qo‘shimcha / siylama

  • Brend — xosnom

  • Kopirayting — tijoriy matn yozish

  • DPO — maydalash-yanchish bo‘linmasi

  • Kriptovalyuta — kriptopul

  • Negativ — salbiy

  • Revansh — qayta kurash

  • Trening — mashg‘ulot

  • Heshteg — kalitso‘z

  • ASKUE (Avtomatizirovannaya sistema kommercheskogo uchyota elektroenergii) — ETHAT (Elektr energiyasini tijoriy hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimi)

  • BGS (Barabannыye granuliryatorы – sushilki) — DQU (Donalovchi quritish uskunasi).

Kengash a’zolarining ta’kidlashicha, yangilangan atamalar lug‘ati rasmiy hujjatlar, ommaviy axborot vositalari, o‘quv qo‘llanmalari va ilmiy ishlar uchun muhim metodik asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, ishchi organ taklif etilayotgan atamalar yuzasidan keng jamoatchilikdan qo‘shimcha fikr va takliflarni ham qabul qilishini ma’lum qildi.

Ushbu havolada har bir atama bo‘yicha izohlar mavjud bo‘lib, unda istalgan kishi o‘z fikri va boshqa muqobillarini qoldirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida 30 ta atamaning o‘zbekcha muqobili taklif etilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid