add

Kutilganidan yaxshiroq: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 7,7 foizga o‘sdi

Bugun 21:303 daqiqa

So‘nggi prognozlar bo‘yicha 2025 yil yakunida mamlakatda iqtisodiy o‘sish 7–7,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi kerak edi. Real iqtisodiy o‘sish kutilmalardan ham yuqoriroq bo‘ldi.

Kutilganidan yaxshiroq: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 7,7 foizga o‘sdi

O‘zbekistonning 2025 yilgi iqtisodiyoti (yalpi ichki mahsulot) o‘sishi 7,7 foizni tashkil qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Aslida 2025 yil oxirida mamlakat iqtisodiyoti 7,5 foiz atrofida o‘sishi kutilgan edi. 7,7 foizlik o‘sish — kutilmalardan 0,2 foizga yuqoriroq bo‘ldi. Bu 2021 yildan beri eng yuqori iqtisodiy o‘sish hisoblanadi.

2024 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 1 foizga kamroq, 6,7 foizga o‘sgan edi. 2025 yilgi yuqori iqtisodiy o‘sishga qimmat oltin sabab budjet tushumlari ortishi, bu esa o‘z navbatida budjet xarajatlarini ko‘paytirib iqtisodiy o‘sishga turtki bo‘lgani sabablardan biri bo‘ldi.

O‘tgan yil davomida inflatsiya 7,3 foizgacha pasaydi. Taqqoslash uchun 2024 yilda bu ko‘rsatkich 9,3 foiz bo‘lgandi. Markaziy bank tomonidan qo‘yilgan 5 foizlik inflyatsion targetga 2027 yilning oxirida erishish reja qilingan.

Shuningdek, 2025 yilda aholining real daromadlari 9,2 foizga ko‘paydi. Bu 2024 yilgi ko‘rsatkichdan 2,5 foizga pastroq. Qishloq xo‘jaligi 4,4 foizga, bozor xizmatlari hajmi esa 14,7 foizga o‘sdi.

Sanoatda ishlab chiqarishning fizik hajmi o‘sishi 2024 yilga nisbatan 0,3 foizga tezlashib, 6,8 foizni tashkil qildi. Chakana savdo aylanmasi o‘sishi esa 0,5 foizga sekinlashib, 11,2 foiz bo‘ldi.

Tashqi savdo aylanmasi 20,7 foizga (2024 yilda 5,8 foiz) o‘sgan bo‘lsa, uning tarkibida eksport 24 foizga (9,7 foiz), import 18,5 foizga (3,4 foiz) ko‘paydi.

Doimiy aholi soni 2025 yil davomida 37,5 mln nafardan 38,2 mln nafarga yetdi. Faoliyat ko‘rsatayotgan korxona va tashkilotlar soni bir necha yildan beri birinchi marta ko‘payib, 475 mingtaga yetdi.

2026 yilda iqtisodiyot qanday bo‘ladi?

2025 yilda iqtisodiy o‘sish so‘nggi yillardagi eng yuqori darajada — 7,7 foiz bo‘ldi. Kelasi yilda esa nisbatan qat’iy pul-kredit siyosati bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda budjet taqchilligini 3 foiz atrofida saqlab qolishga harakat qilinadi

Natijada, mamlakat iqtisodiyoti 5,5–6,5 foiz oralig‘ida o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu esa iqtisodiy o‘sish 2025 yildagidan biroz sekinroq bo‘lishini anglatadi. 2027–2028 yillarda ham iqtisodiy o‘sish 6–7 foiz atrofida bo‘lishi aytilmoqda.

1

2025 yilda iqtisodiyot kutilganidan ko‘proq o‘sishiga oltin narxlarining bir necha bor rekord darajada oshgani ham sabab bo‘ldi. Markaziy bank kutilmalariga ko‘ra, iqtisodiyot aslida 5,5–6 foizga o‘sishi kerak edi.

Qimmat oltin budjet daromadlarini sezilarli oshirdi va hukumat ko‘proq xarajat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sish tezlashishiga yordam berdi.

Narxlar o‘sishi

Markaziy bankning asosiy maqsadi narxlar barqarorligini ta’minlash va 5 foizlik inflyatsion targetga erishish hisoblanadi.

2

Ayni paytdagi kutilmalarga ko‘ra, 5 foizlik inflatsiya 2027 yilning oxirida bo‘ladi. Biroq, inflyatsion targetga erishish muddati bir necha yildan beri cho‘zib kelinmoqda va bu jarayon yana davom etishi mumkin.

2025 yilda inflatsiya 7,3 foiz bo‘ldi va bu ochiq ma’lumotlar e’lon qilish boshlanganidan beri eng past ko‘rsatkich. 2026 yilda narxlar o‘sishi 6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Prezident Mirziyoyev 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 145 mlrd dollarga yetganini ma’lum qilgandi. O‘shanda iqtisodiyot 2030 yilga borib 240 mlrd dollardan oshishi aytilgandi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 43

Barchasi

Mavzuga oid