
Lashkar boshida Obama: Trampga qarshi razvedka o‘yini fosh qilindi
Donald Tramp prezidentlik davrining boshlanishi tasodifiy siyosiy bosimlar bilan emas, balki aniq reja asosida shakllangan hujjat bilan og‘irlashgani aniqlanmoqda. Unga qarshi «Rossiya fitnasi» tamg‘asi bosilgan hisobot tayyorlangan.

Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq rahbari Jon Retkliff bildirishicha, AQSH sobiq prezidenti Barak Obama prezidentlik davri yakunida Donald Trampga siyosiy zarba berish maqsadida maxsus soxta hisobot tayyorlatishga qaror qilgan. Bu harakatga razvedka agentliklarining boshliqlari – Jeyms Komi, Jeyms Klepper, va Jon Brennan jalb etilgan.
Retkliffning ta’kidlashicha, maqsad rad etib bo‘lmaydigan hisobot yaratish bo‘lgan, shu bois u maxfiylashtirilgan va unga «Rossiya fitnasi» tamg‘asi bosilgan. Aynan shu hisobot Donald Trampning prezidentlik faoliyatining ilk ikki yiliga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.
MRB rahbari razvedka ma’lumotlaridan siyosiy maqsadlarda foydalanishni «eng vayronkor» harakat deb atab, buni olovga benzin sepish bilan qiyoslagan.
Eslatib o‘tamiz, bu masala yuzasidan keyinchalik olib borilgan surishtiruvlarda maxsus prokuror Robert Myuller Trampning Rossiya bilan til biriktirganiga oid hech qanday aniq dalil topmagan. Rossiya ham AQSHdagi saylov jarayoniga aralashgani haqidagi barcha ayblovlarni rad etgan.





