
Lavrov G20 sammitida qatnashmaydi: u Putinning qahriga uchraganmi?
Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov RF Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida ko‘rinish bermadi va G20 sammitida delegatsiyaga ham boshchilik qilmaydi. Tramp bilan Budapesht sammitini barbod qilgani uchun u Putinning g‘azabiga duchor bo‘lgani aytilmoqda.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov so‘nggi haftalarda siyosiy sahnada deyarli ko‘rinish bermapti. The Moscow Times xabariga ko‘ra, u prezident Vladimir Putinning qahriga uchragan.
5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya Xavfsizlik kengashi majlisida RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov qatnashmadi. Unda mamlakatda qaytadan yadroviy sinovlarni boshlash masalasi muhokama qilingan. Kremlda uning yig‘ilishdagi yo‘qligi «kelishilgan holda» deb izohlandi.
Bundan tashqari, Qladimir Putin avval G20 sammitida Lavrovni delegatsiya rahbari sifatida belgilab kelgan bo‘lsa-da, JARda o‘tadigan navbatdagi sammitda Lavrovning o‘rniga prezident ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari Maksim Oreshkin tayinlandi.
The Moscow Times nashri manbalariga ko‘ra, Lavrovning Putin oldidagi obro‘si Amerika bilan aloqalardagi uzilish tufayli tushgan. 21 oktyabr kuni u AQSH davlat kotibi Marko Rubio bilan keskin suhbat o‘tkazgan. Suhbatdan so‘ng Rubio Trampga Putin bilan uchrashuv «ahamiyatsiz» ekanini aytgan va natijada Vengriya poytaxti Budapeshtda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan Tramp–Putin sammiti bekor qilingan.
Shundan so‘ng AQSH «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi keskin sanksiyalar joriy qildi. Bu qaror Rossiyaning «tinchlik muzokaralariga qiziqishi yo‘qligi» bilan izohlandi.
Lavrov–Rubio qo‘ng‘iroqlashuvi Putin uchun juda qimmatga tushgani haqida xabar bergan edik.





