add

Lavrov: Ukrainaga kafolat faqat Rossiya xavfsizligi asosida beriladi

28.09.2025 | 10:0428673

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT Bosh Assambleyasida chiqish qilib, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari faqat Moskva manfaatlari hisobga olinsa muhokama qilinishi mumkinligini bildirdi.

Lavrov: Ukrainaga kafolat faqat Rossiya xavfsizligi asosida beriladi
Rossiya Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari masalasini muhokama qilishga tayyor, ammo bu faqat Rossiyaning o‘z xavfsizligi va «hayotiy manfaatlari» ta’minlanganda amalga oshishi mumkin. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT Bosh Assambleyasida so‘zga chiqar ekan ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Kiyev nazoratida qolgan hududlardagi rus va rusiyzabon aholi huquqlari to‘liq tiklanishi va ta’minlanishi shart. «Shundagina Ukraina xavfsizligi bo‘yicha kafolatlar haqida gapirish mumkin», — dedi Lavrov. Shu bilan birga, vazir Moskva hozircha Kiyev va Yevropa davlatlarida «haqqoniy kelishuvga tayyorlik» ko‘rmayotganini qo‘shib o‘tdi. U NATO davlatlariga ham qayta murojaat qilib, Rossiyaning bir necha marta yuridik jihatdan majburiy xavfsizlik kafolatlari haqida taklif berganini, ammo ular «e’tiborsiz qoldirilganini» esga soldi. Lavrov sentyabr oyi boshida Rossiya va Ukraina uchun yangi xavfsizlik tizimi yaratish taklifini ilgari surgan edi. Unga ko‘ra, barqaror tinchlikka erishish NATO kengayishi tufayli Rossiya xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etish va Ukrainaga nisbatan «tortilgan» siyosatiga chek qo‘yishdan boshlanishi shart. Shuningdek, Qrim, Sevastopol, Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarining Rossiya tarkibiga qo‘shilgani xalqaro miqyosda tan olinishi lozim. Rossiya tashqi ishlar vaziri kollektiv xavfsizlik masalalarini Moskva ishtirokisiz hal qilish mumkin emasligini urg‘uladi. «Rossiya o‘z manfaatlarini haddan ziyod emas, lekin qattiq va qat’iy tarzda himoya qiladi», — deya ogohlantirdi Lavrov.

Teglar

Mavzuga oid