
«Lukoil» neft arzonlashuvi ortidan davlat yordamini so‘ramoqda
Rossiya neftiga chuqur chegirma va dempfer mexanizmidagi manfiy to‘lovlar yirik neft kompaniyalarni budjetdan qo‘llab-quvvatlash masalasini kun tartibiga chiqardi.

Rossiyadagi eng yirik xususiy neft kompaniyasi — Lukoil neft narxlarining keskin tushib ketishi ortidan hukumatdan yordam so‘rab chiqdi. TRTning turli nashrlarga tayanib xabar qilishicha, AQSH sanksiyalari ostidagi kompaniya Energetika vazirligi orqali soliqqa tortish tartibini o‘zgartirishni taklif qilmoqda.
Gap 2018 yilda benzin narxlarini barqarorlashtirish uchun joriy etilgan dempfer mexanizmi haqida ketmoqda. Hozirgi vaziyatda Rossiya nefti jahon kotirovkalaridan qariyb 50 foiz arzon sotilmoqda, chegirma esa 20 dollardan oshib ketgan. Shu sabab dekabr oyida neft kompaniyalari budjetga dempfer orqali 13 mlrd rubl to‘lashi kerak bo‘ladi.
«Lukoil» esa soliq hisob-kitobida hisobga olinadigan chegirmani barreliga 10–15 dollar darajasida cheklashni taklif qilmoqda. Bu holda neft kompaniyalari budjetga pul to‘lamaydi, aksincha, davlatdan kompensatsiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dempfer bosimi
Kompaniya maktubida ta’kidlanishicha, «Urals» neftining «Brent»ga nisbatan chegirmasi oshishi dempfer to‘lovlarini «manfiy zona»ga o‘tkazib qo‘ygan. Ilgari bu mexanizm orqali budjet neft kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlagan: 2023 yilda to‘lovlar 881 mlrd rublni, undan oldingi yilda esa 1,8 trln rublni tashkil etgan.
Endi esa, past narxlar tufayli dekabr–yanvar oylarida neft kompaniyalari budjetga 47 mlrd rublga yaqin mablag‘ o‘tkazishi mumkin. Bu holat sohada moliyaviy bosimni yanada kuchaytiradi, deydi bozor ishtirokchilari.
Foyda va narxlar
Narxlar tushishi neft kompaniyalari moliyaviy natijalariga allaqachon ta’sir qilgan. «Lukoil» 2025 yil birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra foydaning qariyb yarmini yo‘qotdi: ko‘rsatkich 287 mlrd rublga tushdi. Yil avval esa u 590 mlrd rublni tashkil etgan edi.
Qishki oylarda vaziyat yanada og‘irlashdi: dekabrda «Urals» narxi 39 dollarga, yanvarda esa 35–37 foizgacha tushdi. Bu pandemiya davridan beri eng past daraja hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, neft 40 dollardan past bo‘lgan sharoitda Rossiyadagi qazib olish loyihalarining qariyb yarmi zarar bilan ishlamoqda.
Ushbu vaziyat neft-gaz sohasi uchun budjet, soliq siyosati va davlat qo‘llab-quvvatlashi masalalarini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.





