add

LUKOILga qarashli AYQSH tarmog‘i bankrot bo‘ldi

Bugun 22:271122

Finlandiyadagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bankrotlik to‘g‘risida ariza topshirdi. Shoxobchada hali ham benzin sotilmoqda, ammo dizel tugagan.

LUKOILga qarashli AYQSH tarmog‘i bankrot bo‘ldi

Rossiyaning LUKOIL kompaniyasiga qarashli Teboil brendi ostida faoliyat yuritayotgan Finlandiyadagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i bankrotlik to‘g‘risida ariza topshirdi. Bu haqda Yle teleradiokompaniyasi xabar bermoqda.

AYQSHga egalik qiluvchi Joroinen Etappi kompaniyasi Finlandiya janubi-sharqidagi Shimoliy Savo mintaqasi okrug sudiga bankrotlik to‘g‘risida ariza berdi. Shoxobchada hali ham benzin sotilmoqda, ammo dizel yoqilg‘isi endi mavjud emas.

Yle ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilda Teboil’ning Finlandiyadagi aylanmasi taxminan 990 ming yevroni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib u deyarli chorak qismga qisqarib, 756 ming yevrogacha tushdi. Nashr ta’kidlashicha, kompaniya 22 ming yevro miqdorida zarar ko‘rgan. Teboil 1934 yilda tashkil etilgan va 2005 yilda LUKOIL guruhining tarkibiga kirgan.

Yaqinda AQSH Moliya vazirligi Amerikaning yangi sanksiyalar paketiga LUKOIL va uning sho‘ba tuzilmalarini kiritdi. Qo‘shma Shtatlar LUKOIL va uning 50 foizi va undan ko‘p ulushga ega bo‘lgan sho‘ba korxonalari bilan operatsiyalarni yakunlash uchun bir oy muhlat berdi. Shundan so‘ng, LUKOIL cheklov choralari joriy etilishi munosabati bilan o‘zining xalqaro aktivlarini sotish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

30-oktabr kuni LUKOIL Gunvor group xalqaro neft treyding kompaniyasidan Rossiya kompaniyasining xorijiy aktivlariga egalik qiluvchi LUKOIL International GmbH kompaniyasini sotib olish bo‘yicha taklif olganini e’lon qildi. Ta’kidlash joizki, Shvetsariyaning Gunvor Group xomashyo treyderiga rossiyalik oligarx Gennadiy Timchenko va uning shvetsiyalik hamkori Torbern Ternkvist asos solgan.

Biroq, 7-noyabr kuni Gunvor o‘z taklifini qaytarib olishini ma’lum qildi. Kompaniya ushbu bayonotni AQSH Moliya vazirligi uning Rossiya bilan aloqalari haqida xabar berganidan va Rossiya-Ukraina urushi davom etayotgan bir paytda Gunvor biznes yuritish uchun litsenziya olmasligi to‘g‘risida ogohlantirganidan so‘ng berdi.

LUKOIL 11 mamlakatda, jumladan, Bolgariya, Ruminiya va Niderlandiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari, Yevropadagi AYQSH tarmog‘i, Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Iroq, Misr, BAA, shuningdek, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi neft qazib olish loyihalari kabi aktivlarga egalik qiladi.

Teglar

Mavzuga oid

LUKOILga qarashli AYQSH tarmog‘i bankrot bo‘ldi | Vaqt.uz