
Lula da Silva: «Tramp dunyo imperatori emas, faqat AQSH Prezidenti»
18.07.2025 | 15:1517214
Braziliya rahbari AQSHning ehtimoliy iqtisodiy bosimiga keskin javob qaytardi va suverenitetni himoya qilishni ta’kidladi.

Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva AQSH rahbari Donald Trampning mamlakat ichki ishlariga aralashuvini tanqid qildi. CNN telekanaliga bergan intervyusida Lula «Tramp dunyo imperatori emas, faqat AQSH Prezidenti», deya bayonot berdi. U bu so‘zlarni Tramp Braziliyaga 50 foizlik tarif joriy etish bilan tahdid qilganidan so‘ng aytdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp ushbu tahdidni Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi posti orqali bildirgan va buni Braziliyaning sobiq Prezidenti Jair Bolsonaruga qarshi sud ishi bilan bog‘lagan. Bolsonaru 2022 yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng hokimiyatni agdarishga urinishda ayblanmoqda. Agar ayb isbotlansa, u 40 yildan ziyod qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.
Lula Trampning bosimiga javoban, Braziliyada sud mustaqil ekanini va Prezident uning faoliyatiga aralasha olmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bolsonaru shaxsiy munosabat uchun emas, balki davlat to‘ntarishiga urinish harakati uchun sudga tortilayapti.
«Bu tahdidni avval shunchaki yolg‘on xabar deb o‘ylaganman. Bunday so‘zlar men uchun juda noxush bo‘ldi», – dedi Lula. U, shuningdek, agar Tramp soliqlarni joriy etsa, Braziliya ham javob tariqasida o‘z tariflarini joriy qilishini bildirdi.
«Biz majburlashni emas, muzokaralarni xohlaymiz. Agar Tramp ham muzokaraga tayyor bo‘lsa, biz ham tayyormiz. En muhimi – o‘zaro hurmat», – dedi Braziliya rahbari.So‘zining yakunlarida u Trampni AQSH Prezidenti sifatida tan olishini, lekin uni dunyo imperatori deb hisoblamasligini aytdi: «Men Braziliya Prezidentiman. U esa AQSH Prezidenti. Unga amerikalik xalq ovoz bergan.»





