
Luvr muzeyida noyob toshlar o‘g‘irlandi
Parijdagi Luvr muzeyida jinoyatchilar kran yordamida oynani sindirib, toj javohirlaridan iborat noyob kolleksiyani o‘g‘irlab qochdi.

Fransiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 19 oktyabr kuni soat 9:30 atrofida Luvr muzeyining «Galereya d’Apollon» qismidan noyob javohirlar o‘g‘irlangan. Jinoyatchilar kran o‘rnatilgan yuk mashinasi orqali ikkinchi qavat oynasini sindirib kirishgan va to‘rt daqiqa ichida o‘g‘rilikni amalga oshirishgan.
Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati TF1 telekanaliga bergan intervyusida hodisani «yuqori darajada tashkil etilgan, professional jinoyat» deb ta’rifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘irlik chog‘ida hech kim jabrlanmagan va jinoyatchilar hech bir xodimga tahdid qilmagan.
Dati bir javohir topilganini, u jinoyatchilar qochish vaqtida tushirib qoldirilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Fransuz gazetasi Le Parisien bu buyum Napoleon III xotini, Imperatritsa Ejeniga tegishli toj bo‘lganini yozdi. Ammo u singan holda topilgan.
Ichki ishlar vaziri Loran Nyune xabar berishicha, guruhda uch yoki to‘rt kishi bo‘lgan va ularning harakati muzey tashqi qismidagi kran orqali amalga oshirilgan. «Bu buyumlar nafaqat tarixiy, balki pul bilan baholab bo‘lmaydigan qadriyatga ega» dedi Nyune.
Muzey ma’muriyati ijtimoiy tarmoqlarda Luvr «favqulodda sabablarga ko‘ra» bir kunga yopilganini ma’lum qildi. Tadqiqotni qimmatbaho ashyolar o‘g‘irligi bilan bog‘liq jinoyatlarni ochish bo‘yicha ixtisoslashgan politsiya bo‘limi olib bormoqda.
Luvr tarixida bu birinchi yirik o‘g‘irlik emas. 1911 yilda ham «Mona Liza» asari o‘g‘irlangan, ikki yil o‘tib topilgan edi. Hozirgi voqea esa muzey xavfsizligi masalasiga yana bir bor jiddiy e’tiborni qaratmoqda. Dati ta’kidlaganidek, so‘nggi qirq yilda muzeylarda xavfsizlik masalasi yetarlicha e’tiborsiz qolgan va yangi turdagi uyushgan jinoyatchilikka qarshi tizim yangilanishi zarur.





