
Mahsulotlar arzon sotilayotgani sababi – nomi chiqmagani
26.05.2025 | 13:3021923
Prezident sifatli ishlab chiqarish bilan birga, xalqaro sertifikat olish zarurligini ta’kidladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalliy sanoatni rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda eksport hajmlarini oshirishda xalqaro e’tirof va sertifikatlashning o‘rni alohida ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yilning birinchi to‘rt oyida eksport 20 foizga o‘sgan. Bu asosan kimyo, oziq-ovqat, meva-sabzavot, IT, turizm va transport xizmatlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Biroq to‘qimachilik sohasida eksport 825 million dollarni tashkil etgani, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 175 million dollarga kam ekani qayd etildi.
Prezidentga ko‘ra, mahsulotlar sifatli tayyorlanayotgan bo‘lsa-da, ular xalqaro bozorlarda arzon baholanmoqda. Sababi – ularning tanilmagani va yetarlicha reklama qilinmagani. Shu bois xalqaro sertifikatlar mahsulotning qiymatini oshirish va raqobatbardoshligini ta’minlashda asosiy vosita hisoblanadi.
Hozirgi kunda to‘qimachilik sohasidagi 1,5 mingdan ziyod yirik va o‘rta korxonalardan bor-yo‘g‘i 244 tasigina xalqaro sertifikatga ega. Prezident har bir korxonaga amaliy yordam ko‘rsatish, ularni sertifikatlashga yo‘naltirish muhimligini bildirdi.
Shu munosabat bilan qator viloyatlarda sertifikatga ega korxonalar sonini oshirish vazifasi qo‘yildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazmda bunday korxonalar sonini kamida 20 taga yetkazish, qolgan hududlarda esa har biriga 10 tadan korxonada xalqaro sertifikat olishga ko‘maklashish belgilandi.





