add

Markaziy bank fintex sohasi uchun mas’ul etib belgilandi

16.12.2025 | 11:355032 daqiqa

Prezident qarori bilan Markaziy bankning vazifalari kengaytirildi.

Markaziy bank fintex sohasi uchun mas’ul etib belgilandi

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish uchun mas’ul asosiy regulyator etib belgilandi. Bu 27-noyabr kuni qabul qilingan prezident qarorida nazarda tutilgan bo‘lib, fintex bozorini tizimli rivojlantirish va innovatsiyalarni iqtisodiy barqarorlik bilan uyg‘unlashtirishni ko‘zda tutadi.

Qarorga muvofiq, Markaziy bank innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda bank tizimi barqarorligi, to‘lov tizimlarining uzluksiz ishlashi va narxlar barqarorligini ta’minlash o‘rtasida muvozanatni saqlash uchun javobgar bo‘ladi. Regulyator moliya sektorida texnologik o‘zgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi kerak.

Hujjatda moliyaviy texnologiyalarni joriy etishda tartibga solish choralariga alohida e’tibor qaratilgan. Bu choralar innovatsiyalarni rag‘batlantirgan holda, ular bilan bog‘liq moliyaviy va texnologik xavflarni kamaytirishga qaratilgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, qaror qabul qilishda to‘liq va ishonchli ma’lumotlarga tayanish belgilangan.

Markaziy bank fintex xizmatlarini ko‘rsatishda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, shuningdek, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash vakolatiga ega bo‘ladi. Bu vazifalar «Markaziy bank to‘g‘risida»gi qonunga ham kiritilishi rejalashtirilgan.

Qaror bilan Markaziy bank raisi Timur Ishmetov rahbarligida Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi. Komissiya fintex sohasining strategik yo‘nalishlarini belgilash, davlat va xususiy sektor o‘rtasida muvofiqlashuvni kuchaytirish hamda «tartibga solish qumdoni»dan o‘tgan yechimlarni keng joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

photo_2025-12-16_11-11-50

Shuningdek, regulyatorga 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan fintexni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish, tokenlashtirilgan aksiyalar va obligatsiyalar muomalasini joriy etish, raqamli valuta bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish topshirildi. Hujjat doirasida Markaziy bank huzurida 50 million dollarlik venchur fond va innovatsion markaz tashkil etilishi ham belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank raisi AFI rahbariyatiga saylanganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid