Markaziy bank valuta operatsiyalari tartibini o‘zgartirmoqchi
Markaziy bank kapital harakati bilan bog‘liq valuta operatsiyalarini soddalashtirish va xorijiy investitsiya tartibini yangilash bo‘yicha loyihani muhokamaga qo‘ydi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaO‘zbekiston Markaziy banki kapital harakati bilan bog‘liq valuta operatsiyalarini soddalashtirish va rezidentlarning xorijda investitsiya faoliyatini aniq qoidalar asosida tartibga solishni nazarda tutuvchi yangi o‘zgartishlar loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyihaga ko‘ra, kapital harakati operatsiyalari xalqaro joriy operatsiyalarga kirmaydigan barcha transchegaraviy valuta operatsiyalarini qamrab oladi.
Ular qatoriga:
Xorijda investitsiya qilish;
Kredit va qarz operatsiyalari;
Ko‘chmas mulk sotib olish;
Chet el hisobvaraqlariga mablag‘ joylashtirish;
Intellektual mulk huquqlari bilan bog‘liq bitimlar kiradi.
Ruxsatsiz investitsiya faoliyatini amalga oshirish
Yangi tartibda rezidentlarga ayrim holatlarda dastlabki ruxsatsiz xorijda investitsiya faoliyatini amalga oshirish imkoniyati berilishi taklif etilmoqda. Xususan, davlat ishtirokidagi korxonalar 100 ming AQSH dollarigacha, xususiy kompaniyalar esa 200 ming dollargacha bo‘lgan investitsiyalarni qo‘shimcha ruxsatsiz amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Jismoniy shaxslar uchun ham yengilliklar nazarda tutilgan. Loyihaga muvofiq, fuqarolar bir yil davomida 10 ming dollargacha bo‘lgan xorijiy investitsiya operatsiyalarini erkin amalga oshira oladi. Bu aholining tashqi moliyaviy bozorlarda ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, kapital harakati operatsiyalarini Markaziy bankning FERUz axborot tizimi orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Banklar operatsiyalarga oid ma’lumotlarni tizimga kiritganidan keyin ular avtomatik ravishda ro‘yxatga olingan hisoblanadi.
Loyihada rezidentlar uchun hisobot topshirish majburiyati ham belgilangan. Unga ko‘ra, chet eldagi investitsiya faoliyati haqida har chorakda xizmat ko‘rsatuvchi bankka ma’lumot taqdim etilishi shart bo‘ladi. Ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmagan rezidentlarning keyingi operatsiyalari vaqtincha cheklanishi mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda valuta operatsiyalarini tartibga soluvchi qoidalar yangilangan edi. Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar fuqaroligidan qat’i nazar, bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga shaxsiy (nosavdo) maqsadlarda erkin pul o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, xorijliklar ham mamlakat ichida ustav fondiga mablag‘ kiritish, xayriya qilish yoki meros bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ldi.




