add

Markaziy Osiyo qachon Rossiyadan o‘zib ketadi?

Bugun 15:552 daqiqa

Kreml propagandachisi Vladimir Solovyov Markaziy Osiyo respublikalariga urush e’lon qilish bilan tahdid qilgach, garchi Rossiya va Markaziy Osiyo respublikalari aholisi va iqtisodiyotini solishtirish zaruriyati yuzaga keldi.

Markaziy Osiyo qachon Rossiyadan o‘zib ketadi?

Hamon aholi soni va iqtisodyot ko‘lami, harbiy qudrat jihatidan Rossiya Markaziy Osiyoning 5 davlatidan biroz oldinda bo‘lsa ham, oradagi farq yildan yilga qisqarib kelayotgani — fakt.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan va aholi nufusi jihatdan qachon Rossiyadan o‘zib ketishini hisoblab chiqdi.

 

Markaziy Osiyo iqtisodiyoti qachon Rossiyani quvib o‘tadi?

2000 yilda Markaziy Osiyo iqtisodiyoti Rossiya iqtisodiyotining 14,3 foizini tashkil etgan. 2024 yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 22,5 foizga yetgan. Ya’ni, bu davrda Markaziy Osiyo davlatlaridagi nisbatan yuqori o‘sish bu farqning qisqarishiga zamin yaratgan. Xususan, bu davrda Rossiya iqtisodiyoti (dollardagi nominal YAIM) o‘rtacha 9,2 foizga o‘sgan bo‘lsa, Markaziy Osiyo iqtisodiyotida o‘rtacha ko‘rsatkich 11 foizni tashkil etgan.

Birgalikdagi iqtisodiyotimiz esa Pandemiyadan keyingi davrdagi o‘sish bilan 2070 yilda, 2017 yildan keyingi o‘rtacha o‘sish bilan 2076 yilda, so‘nggi 20 yildagi o‘rtacha o‘sish bilan esa 2067 yilda Rossiya iqtisodiyotini quvib o‘tadi.

Jon boshiga o‘rtacha daromad esa hozirgi kunda Rossiyadan 2,5 barobar past bo‘lsa, 2066 yilga kelib Rossiyadagi ko‘rsatkichdan o‘tib ketadi, asr so‘ngida  esa o‘rtacha Markaziy Osiyolik o‘rtacha Rossiyalikdan 2,4 barobar boyroq bo‘lishi mumkin (20 yillik o‘rtacha o‘sish bilan).


Aholi soni-chi?

Shuningdek, Markaziy Osiyoning birgalikdagi aholisi 2000 yilda Rossiya aholisining 38 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 56 foizga yetgan.  Bu davrda Rossiya aholisi 1 foizga qisqargan bo‘lsa Markaziy Osiyo aholisi 46 foizga o‘sgan.

BMT prognozlariga ko‘ra, 2068 yilda Markaziy Osiyo aholisi 130 mlnni tashkil etib, Rossiya aholisini yetib oladi. Bunda, hozirgiga nisbatan Rossiya aholisi 10 foizga qisqarsa, Markaziy Osiyo aholisi 60 foizga o‘sadi. XXI asr so‘nggiga kelib esa Markaziy Osiyo aholisi Rossiya aholisidan 18 foizga ko‘proq  bo‘lishi mumkin.

Har qanday tahdidga eng munosib javob integratsiyaning yanada chuqurlashishi hamda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hisoblanadi. Shuningdek, hozirgi kabi aholining dinamik ko‘payishda davom etishi ham  juda muhim. Agar tarixiy o‘sish sur’atlari saqlanib qolsa, Markaziy Osiyo taxminan 40 yilda Rossiyadan ham iqtisodiy ham demografik jihatdan ustun bo‘lishi mumkin. Markaziy Osiyoda integratsiyaning chuqurlashishi esa bu jarayonni yanada tezlashtirishi shubhasiz.

Teglar

Mavzuga oid