
Markaziy Osiyoda kimlar eng ko‘p pul topyapti?
HeadHunter tahlillari mintaqada qaysi sohalar va shaharlar eng daromadli bo‘lganini ma’lum qildi.

HeadHunter platformasi ekspertlari 2025 yil yakunlari bo‘yicha Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston mehnat bozoridagi median (o‘rtacha) ish haqi ko‘rsatkichlarini qiyosiy tahlil qildi. Tadqiqotda ham umumiy bozor, ham alohida iqtisodiy tarmoqlar qamrab olingan.
Qayd etilishicha, Qozog‘istonda 2025 yilda median ish haqi yillik hisobda 8,6 foizga o‘sib, 296,9 ming tengega (taxminan $581,5) yetgan. Eng yuqori daromadli yo‘nalishlar qatorida menejment, avtomobil biznesi hamda marketing, reklama va PR sohalari yetakchilik qildi.
Eng yuqori daromadli 5 ta yo‘nalish:
1. Yuqori va o‘rta bo‘g‘in menejmenti — 452,5 ming tenge
2. Avtomobil biznesi — 427,8 ming tenge
3. Marketing, reklama va PR — 386,4 ming tenge
4. Sport, fitnes va go‘zallik industriyasi — 373,7 ming tenge
5. Xaridlar — 329,6 ming tenge
Qirg‘izistonda median ish haqi yil davomida 6 foizga oshib, 45,9 ming somni (taxminan $525,1) tashkil etdi. Bu mamlakatda ham eng katta daromadlar menejment sohasiga to‘g‘ri keldi.
1. Yuqori va o‘rta bo‘g‘in menejmenti — 68,6 ming som
2. Qishloq xo‘jaligi — 63,2 ming som
3. Avtomobil biznesi — 61,5 ming som
4. Xomashyo qazib olish sanoati — 59,1 ming som
5. Marketing, reklama va PR — 54,1 ming som
O‘zbekistonda esa 2025 yilda median ish haqi 5,3 million so‘mni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 1,8 foizga pasaygan.
1. Avtomobil biznesi — 7 mln so‘m
2. Yuqori va o‘rta bo‘g‘in menejmenti — 6,4 mln so‘m
3. Xaridlar — 6,4 mln so‘m
4. Fan va ta’lim — 6,4 mln so‘m
5. Marketing, reklama va PR — 6,4 mln so‘m
Ma’lum bo‘lishicha, to‘lov darajasi bo‘yicha mamlakat poytaxtlari yetakchi bo‘lib qolmoqda: Ostonada median ish haqi — 327,9 ming tenge (taxminan $642,4), Bishkekda — qariyb 46,2 ming som ($528,4), Toshkentda — qariyb 5,4 mln so‘m ($446,2) ni tashkil etadi.





