
Markaziy Osiyoning bir nechta banki YI sanksiyalari ostida qoldi
Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi bir nechta banklar «qora ro‘yxat»ga kiritildi.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi navbatdagi — 19-paket sanksiyalarini tasdiqladi. Yangi cheklovlar nafaqat Rossiya moliyaviy muassasalariga, balki Markaziy Osiyodagi ayrim banklarga ham taalluqli bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «qora ro‘yxat»ga Qozog‘istondagi VTB banki, Belarusdagi VTB shu’ba korxonalari, shuningdek, «Alfa-bank», Qirg‘izistonning «Tolubay bank»i va «Yevroosiyo jamg‘arma banki» kiritilgan.
Tojikistondan esa «Dushanbe Siti», «Spitamen Bank» hamda «Kommersbank» sanksiya ro‘yxatiga qo‘shilgan. Yevropa Ittifoqi hujjatlarida ta’kidlanishicha, bu moliyaviy institutlar Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni aylanib o‘tishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, kriptovalyuta platformasi «Payeer» ham Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyaga uchradi. Bryusselning ma’lumoticha, ushbu servis Rossiya bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda vositachilik qilgan holda sanksiya tizimini buzgan.
Yangi cheklovlar 2025 yil 12 noyabrdan kuchga kiradi.





