
Maxsus xizmatlar Rossiyaning «Ukraina ssenariysi»dan ogohlantirdi. Latviya — yangi nishonmi?
Moskva o‘zini nafaqat Ukraina frontida, balki butun G‘arb bilan mafkuraviy to‘qnashuvda deb hisoblamoqda.

Latviya Davlat xavfsizlik xizmati Rossiya tomonidan xavf-xatarlar kuchayib borayotganidan ogohlantirib, Moskva bilan bog‘liq bo‘lgan tahdidlar Yevropa xavfsizligi uchun tobora jiddiy tus olayotganini ta’kidladi.
Idoraning 26-yanvar kuni taqdim etilgan 2025 yilgi yillik hisobotida keltirilishicha, hozirgi vaqtda Rossiya Latviya uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy tahdid uyg‘otayotgani yo‘q. Biroq bir qator omillar, jumladan, Rossiya tashviqoti va ushbu mamlakatga nisbatan ritorika Moskvaning ehtimoliy uzoq muddatli rejalari borligidan dalolat berishi mumkin.
Eskalatsiya xavfi
Maxsus xizmat tahlillariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Rossiyaning G‘arbni o‘z mavjudligiga tahdid sifatida qabul qilishi sezilarli darajada kuchaygan. Qayd etilishicha, Moskva o‘zini G‘arb bilan nafaqat Ukrainadagi urush tufayli, balki global va mafkuraviy jihatdan ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikda deb hisoblamoqda.
Latviya xavfsizlik xizmati fikricha, bunday qarash Rossiya tomonidan vaziyatni noto‘g‘ri baholash xavfini oshiradi va umuman Yevropa xavfsizligi uchun tahdidlarning keskin ko‘payishiga olib keladi. Idora mutaxassislari bu kabi dinamika vaziyatni bashorat qilib bo‘lmas darajaga keltirib, eskalatsiyaga sabab bo‘luvchi ko‘ngilsiz hodisalar ehtimolini kuchaytirayotganini ta’kidlamoqda.
Qo‘poruvchilik, kiberhujumlar va dezinformatsiya
Maxsus xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Rossiya G‘arb mamlakatlariga qarshi faoliyatini, jumladan, qo‘poruvchilik operatsiyalari va dezinformatsiya kampaniyalarini davom ettirgan. Shuningdek, hisobotda Moskvaning Latviya va boshqa G‘arb davlatlaridagi sanoat boshqaruv tizimlariga kiberhujumlar uyushtirishga tayyorligi va bunga qodirligi namoyon bo‘lgani aytiladi. Bunday harakatlardan ko‘zlangan maqsad jamiyatda ishonchsizlik va beqarorlik muhitini yaratish, shuningdek, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasida G‘arb hamjihatligiga putur yetkazishdan iborat.
Ukrainaning yaqin hamkori
Sharqda Rossiya va uning ittifoqchisi Belarus bilan chegaradosh bo‘lgan Latviya, qariyb to‘rt yildan buyon Rossiya harbiy tajovuzini qaytarib kelayotgan Ukrainaning yaqin hamkori va faol tarafdori sanaladi.
«Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, Rossiyaning Latviyaga bo‘lgan munosabati urush boshlanishidan oldin Ukrainaga bo‘lgan munosabatini tobora ko‘proq eslatmoqda», — deyiladi xavfsizlik xizmati hisobotida. Idora xulosasiga ko‘ra, Latviyaga nisbatan bunday salbiy yondashuv uzoq muddatli istiqbolda, garchi hozirda Moskva uchun ustuvor vazifa bo‘lmasa-da, yanada tajovuzkor qarorlar qabul qilinishiga olib kelishi mumkin.





