
Mehnat migrantlariga qarshi cheklovlar Peterburgga qimmatga tushadi
06.08.2025 | 21:4025143
Sankt-Peterburg rahbariyati migrantlarga taksi haydashni 2025 yil oxirigacha taqiqladi. Muttaxassislar iqtisodiy xavflardan ogohlantirmoqda.

2025 yil 28 iyul kuni Sankt-Peterburg gubernatori tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq, patent asosida ishlayotgan mehnat migrantlariga taksi xizmatlarida faoliyat yuritish taqiqlandi. Mazkur cheklov 2025 yil oxirigacha amal qiladi va kompaniyalarga ushbu haydovchilar bilan shartnomalarni yakunlash uchun uch oy muhlat berilgan.
Hukumat qarorda ta’kidlashicha, bu qadam taksi xizmatlarining xavfsizligini oshirish va rossiyaliklar uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish maqsadini ko‘zlaydi. Shu bilan birga, mehnat va bandlik qo‘mitasiga 2026 yil uchun ham cheklovlarni uzaytirish bo‘yicha taklif tayyorlash vazifasi yuklatilgan.
Ammo iqtisodchilar va mehnat bozori tahlilchilari bu choralarning iqtisodiy oqibatlaridan ogohlantirmoqda. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, shahar byudjeti har yili 2,5 milliard rublgacha soliq va patent to‘lovlarini yo‘qotishi mumkin. Shuningdek, ijtimoiy va pensiya jamg‘armalariga tushumlar kamayishi xavfi bor.
Bundan tashqari, taksi va yetkazib berish sohalarida mehnat migrantlarining ulushi yuqori bo‘lgani bois, mutaxassislar bu cheklovlar ishchi kuchi yetishmovchiligini kuchaytiradi, deb hisoblamoqda. Natijada ayrim haydovchilar norasmiy ishlashga o‘tishi yoki boshqa hududlarga ko‘chib ketishi mumkin.





