
«Melissa» dovuli 50 mlrd dollarlik iqtisodiy zarar keltirdi
Karib dengizi havzasidagi «Melissa» dovuli Yamayka va Kubani vayron qildi. 185 milya/soat tezlikda harakatlangan tabiiy ofat oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘lgan.

28 oktabr kuni Yamaykaga 185 milya/soat (taxminan 295 km/soat) tezlikda yopirilgan «Melissa» dovuli orol tarixidagi eng kuchlisi sifatida qayd etildi. Bu haqda Assossiated Press xabar berdi.
Milliy dovullar markazi (NHC) ma’lumoticha, «Melissa» keyinchalik Kubaga 3-xavf toifasida kirib bordi va 31 oktyabrga kelib shimoliy Atlantikada post-tropik siklonga aylandi.

Yamaykada kuchli yomg‘irlar va shamollar oqibatida katta suv toshqinlari kuzatilib, yo‘llar, turar-joylar va infratuzilmaga jiddiy zarar yetdi. Ayrim hududlar tashqi dunyodan uzilgan, elektr ta’minotida katta uzilishlar qayd etilgan.
Hayitida suv toshqinlari oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘ldi. 1 noyabr holatiga ko‘ra, Karib havzasi bo‘ylab kamida 49–50 nafar qurbon haqida ma’lumot berilgan.

AccuWeather va xalqaro tahlil markazlari ma’lumoticha, dovul ortidan kelgan iqtisodiy yo‘qotishlar 48–52 milliard dollar orasida baholanmoqda.
Yo‘qotishlar asosan uy-joylar, transport tizimlari va qishloq xo‘jaligi sohalariga tegishli.

Meteorologlar ta’kidlashicha, Karib dengizi suvlarining odatdan yuqori harorati dovulning tez kuchayishiga sabab bo‘lgan.
«Melissa» Atlantika tarixidagi quruqlikka yopirilgan eng kuchli 5-xavf toifasidagi dovullardan biri sifatida qayd etildi.
Hozirda qutqaruv ishlari va gumanitar yordam ko‘lami kengaymoqda. Elektr tarmoqlarini tiklash va jabrlangan hududlarga oziq-ovqat hamda dori-darmon yetkazish ishlari davom etmoqda.





