
«Men bu sirkning bir qismi bo‘lishni istamadim» — O‘FA sobiq xodimi
04.10.2025 | 16:5712103
O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi terma jamoalar bo‘limi sobiq rahbari Sherzod Igamberdiyev O‘FAdan ketish sababini ochiqladi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining (O‘FA) terma jamoalar bo‘limi sobiq rahbari Sherzod Egamberdiyev O‘FA milliy terma jamoa bosh murabbiyligi uchun Fabio Kannavaro bilan muzokaralar olib borayotgani fonida o‘z Instagram sahifasida jamoani tark etishi yuzasidan bayonot berdi.
Igamberdiyev Instagram sahifasida yozganidek, jamoani tark etish unga og‘ir va alamli bo‘lgan.
«Jimgina rozi bo‘lib, barchasiga ko‘nishim mumkinmidi? Ha, mumkin edi. Mukofotlar, AQSHga safar va chiroyli suratlar uchun. Biroq men bu jamoani juda yaxshi ko‘raman, mamlakatimizni juda qadrlayman. Shuning uchun – yo‘q. Men bu sirkning bir qismi bo‘lishni istamadim», deydi u.
Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi terma jamoa murabbiyligi masalasi bo‘yicha italiyalik Fabio Kannavaro bilan og‘zaki kelishuvga erishgani haqida xabar berilgan edi. 52 yoshli murabbiyning yillik maoshi taxminan 4 million yevroni tashkil etishi aytilmoqda.
Igamberdiyevning bayonoti futbol jamoatchiligi orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Qayd etish joizki, Igamberdiyev 9 sentyabr kuni ishdan ketgani haqida o‘z Instagram sahifasida ma’lum qilgan edi.





