«Meta» o‘lgan foydalanuvchini klonlaydigan SIni patentladi
Yangi texnologiya shaxsiy ma’lumotlar, jumladan, platformadagi faollik, izohlar, layklar va e’lon qilingan kontent asosida foydalanuvchining raqamli klonini yaratishni nazarda tutadi.

«Meta» kompaniyasi 2025 yil dekabr oyida insonning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini u yo‘q paytda taqlid qila oladigan katta til modeli uchun patent oldi. Bu haqda «Business Insider» xabar berdi.
Model nimalarga qodir?
Nashr patent hujjatlari bilan tanishgan. Unda texnologiyaning asosiy muallifi sifatida kompaniyaning texnik direktori Endryu Bosvort ko‘rsatilgan. Patentga ariza 2023 yilda topshirilgan.
Patentda aytilishicha, til modeli foydalanuvchi «uzoq tanaffus olganda» yoki «agar foydalanuvchi vafot etgan bo‘lsa» uning harakatlarini taqlid qiladi. Nashr ta’kidlashicha, bu texnologiya shaxsiy ma’lumotlar, jumladan, platformadagi faollik, izohlar, layklar va e’lon qilingan kontent asosida foydalanuvchining raqamli klonni yaratishni nazarda tutadi.
Ushbu ma’lumotlar yordamida klon inson ijtimoiy tarmoqlarda qanday o‘zini tutishini «tushunadi» va shu xatti-harakatlarni taqlid qila oladi: profil faolligini saqlab turish, layk bosish, izoh qoldirish, xabarlarga javob berish. Patentda, shuningdek, ovozli va videoqo‘ng‘iroqlarni ham taqlid qilish imkoniyati tilga olingan.
Hujjatlarda ishlab chiquvchilar bu texnologiya nima uchun kerak bo‘lishi mumkinligini tushuntiradi. Patent mualliflari fikricha, u kontent orqali daromad qiladigan blogerlar uchun foydali bo‘lishi mumkin, chunki ular ijtimoiy tarmoqlardan dam olishni istashi mumkin.
Shuningdek, texnologiya foydalanuvchi vafot etgan taqdirda ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin, chunki inflyuyenserning o‘limi uning obunachilariga ta’sir ko‘rsatadi, deya qayd etishadi mualliflar.
«Foydalanuvchi vafot etgan va ijtimoiy tarmoq platformasiga hech qachon qayta olmaydigan holatda, ta’sir ancha jiddiy va doimiy bo‘ladi», – deyiladi patentda.
«Meta» vakillari jurnalistlarga hozircha bu texnologiyadan foydalanish rejasi yo‘qligini ma’lum qilgan. Shuningdek, patent olinishi har doim ham kompaniya ushbu texnologiyani ishlab chiqish, joriy etish yoki qo‘llashini anglatmasligi ta’kidlangan.
Mutaxassislar nima demoqda?
«Business Insider» tomonidan so‘ralgan mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday texnologiyalar nafaqat huquqiy, balki axloqiy va falsafiy jihatlarni ham qamrab oladi. Ular, jumladan, bunday instrumentlar qayg‘u va yo‘qotishni qabul qilish jarayoniga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.





