Logo

Metro bekatining shifti quladi, mudhish avariya sodir bo‘ldi, Belarusdagi andijonliklar norozi, «parkovka» uchun jarima — hafta dayjesti

Kecha 20:006 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.

[youtue-https://youtu.be/3rfJyW3GieE]

+48 daraja: Yoz yondiryapti

Farzandingiz bog‘chasi yopilmadimi? Bu savolni bekorga bermadim.

O‘tayotgan haftada O‘zbekistonda kuzatilayotgan kuchli jazirama hatto bog‘chalarning yopilishiga sabab bo‘ldi.

Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bu hafta mamlakat hududlarida havo harorati keskin ko‘tarilib, ayrim cho‘l hududlarida +48 darajagacha yetishi kutilmoqda.

Aynan shu prognoz ortidan ijtimoiy tarmoqlarda havo harorati +50, hatto +58 darajagacha ko‘tarilgani haqidagi videolar tarqaldi. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov esa bu holatga quyidagicha izoh berdi.

Mutaxassislar bunday keskin issiqlik holatlari iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq jarayonlarning bir ko‘rinishi ekanini ta’kidlamoqda. Haroratning yildan-yilga oshib borishi esa nafaqat inson salomatligi, balki qishloq xo‘jaligi, energetika va iqtisodiyot uchun ham yangi chaqiriqlarni yuzaga keltirmoqda.

«Turon» metro bekati tomi quladi

Agar siz metroda ishga yoki o‘qishga boradigan bo‘lsangiz, ehtiyot bo‘ling! Chunki metro tomi boshingizga qulashi ham mumkin. Yakunlanayotgan haftada poytaxt jamoat transporti tizimida xavfsizlik masalasi katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Har kuni millionlab yo‘lovchilar foydalanadigan metroda yuz bergan hodisa infratuzilmaning texnik holatini yana bir bor jiddiy ko‘zdan kechirish zarurligini ko‘rsatdi.

16-iyul kuni Toshkent metrosining Yer usti halqa yo‘nalishidagi, foydalanishga topshirilganiga hali uch yil ham bo‘lmagan «Turon» bekatida shiftning bir qismi siljib, bekat maydoniga qulab tushdi. Hodisa oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati oldi va ularga voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Shundan so‘ng bekatda poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi. Hozirda mutaxassislar hodisa sabablarini texnik jihatdan o‘rganmoqda, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Yo‘lovchilar uchun esa «Qipchoq» va «Quruvchilar» bekatlari o‘rtasida bepul metrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. «Toshkent metropoliteni» yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, yo‘lovchilar xavfsizligi tizimning eng ustuvor vazifasi bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Toshkentda mudhish avariya

Bu haftada poytaxtda sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisalaridan biri jamoatchilik e’tiborini tortdi. Xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimlari ishtirokida fojiali avariya sodir bo‘ldi.

Voqea 16-iyul kuni soat 18:30 atrofida Toshkent shahridagi Do‘rmon yo‘li va G‘azalkent ko‘chalari kesishmasida uchta patrullik mototsikli hamda bir nechta yengil avtomobil ishtirokida yuz berdi.

Tarqalgan videolarga ko‘ra, hodisadan avval chorrahada harakat huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan vaqtincha cheklangan. Harakat qayta tiklangach, «Onix» rusumli avtomobil chorrahaga kirgan va shu payt katta tezlikda harakatlanayotgan patrullik mototsikllari bilan to‘qnashgan. Kuchli zarba oqibatida avtomobilda yong‘in kelib chiqib, u qarama-qarshi yo‘nalishdagi boshqa mashinalarga ham urilgan.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida patrullik mototsiklini boshqarayotgan YPX xodimlaridan biri voqea joyida halok bo‘lgan. Yana bir necha kishiga tan jarohatlari sabab tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani bildirildi, biroq jabrlanganlarning aniq soni hozircha ochiqlanmadi.

Shuningdek, YHXX ijtimoiy tarmoqlarda hodisa kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etib, fuqarolarni tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Belarusdagi andijonlik ishchilar norozi

Andijoncha va’dalar, bir xil kiyim, tantanali kuzatuv va norozilik. Bu hafta Andijon va uning hokimligi yana trendda bo‘ldi.

Andijondan Belarusga tantana bilan yuborilgan o‘zbekistonliklarni ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Yakunlanayotgan haftada mehnat migratsiyasi mavzusi yana keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu safar Belarusga ishlash uchun yuborilgan bir guruh o‘zbekistonliklarning murojaati ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonans uyg‘otib, xorijdagi mehnat sharoitlari va va’da qilingan imkoniyatlar yuzasidan savollarni kun tartibiga olib chiqdi.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda Andijon viloyatidan Belarusga ishlash uchun yuborilgan 10 nafardan ortiq ishchi ularga oyiga 500 dollar maosh taklif qilingani, biroq yotoqxona va kundalik yashash xarajatlarini o‘zlari qoplashi kerakligini aytgan.

Ishchilarning ta’kidlashicha, oziq-ovqat, turar joy va boshqa zarur xarajatlardan so‘ng qoladigan mablag‘ ularning kutgan daromadiga mos kelmaydi. Hatto ayrimlari bunday sharoitda ishlagandan ko‘ra, O‘zbekistonda ko‘proq daromad topish mumkinligini bildirib, vatanga qaytarishni so‘ragan.

Mazkur holat Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘zbekistonliklarni oilalari bilan birga Belarusga ko‘chib borib ishlashga chorlagan bayonotlari ortidan yuz berdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Andijon viloyati delegatsiyasi Belarusga tashrif buyurib, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishgan va ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan edi.

Shundan so‘ng Migratsiya agentligi holat yuzasidan izoh berib, ishchilarni Belarusga yuborish Andijon viloyati hokimligining pilot loyihasi ekanini ma’lum qildi. Agentlik, agar mehnat shartnomasi shartlari bajarilmasa, fuqarolar boshqa ishga o‘tkazilishi yoki O‘zbekistonga qaytarilishiga ko‘maklashilishini bildirdi.

«Parkovka» uchun haq to‘lamaganlar jarimaga tortilishi mumkin

Toshkentda parkovka uchun pul to‘layapsizmi? Aksincha bo‘lsa, bu haqda albatta bilishingiz kerak. Bu hafta poytaxt hokimligi pullik «parkovka»lardan foydalanganlik uchun haq to‘lamagan haydovchilarni jarimaga tortishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, belgilangan muddatda to‘lov qilmagan yoki undan bo‘yin tovlagan fuqarolarga BHMning ikki baravari miqdorida jarima qo‘llanilishi mumkin. Bunda bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar ushbu talabdan mustasno etiladi.

Loyihada qoidabuzarliklarni aniqlash uchun foto va videofiksatsiya vositalari hamda axborot tizimlaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. Yangi tartib faqat davlat tasarrufidagi ko‘chalardagi yo‘l bo‘yidagi pullik parkovkalarga tegishli bo‘lib, xususiy shlagbaumli avtoturargohlarga tatbiq etilmaydi. Qonun loyihasi 28-iyulgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

«Ravshan Zolotoy» Interpol qidiruvidan chiqarilganiga izoh berdi

Yakunlanayotgan haftada Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Ravshan Muhitdinovga nisbatan xalqaro qidiruv masalasi yana muhokama markaziga chiqdi.

Ichki ishlar vazirligi vakillari bu holatga izoh berib, unga nisbatan qidiruv 2021 yilda e’lon qilinganini, keyinchalik tergov jarayonida ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmagani sabab qidiruv va tergov harakatlari to‘xtatilganini bildirdi.

«Ravshan Zolotoy» nomi bilan tanilgan Muhitdinov Interpolning xalqaro qidiruv ro‘yxatidan chiqarilgani haqidagi xabarlardan so‘ng o‘z munosabatini bildirdi. U 19 yillik davrdan keyin unga nisbatan ayblovlar bekor qilingani va «tarixiy vataniga yo‘l ochilgani»ni ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bu Muhitdinov bilan bog‘liq qidiruv jarayonlari to‘xtatilishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. U avval ham uzoq vaqt xorijda yashab, keyinchalik O‘zbekistonga qaytgan. Hozirda esa uning Interpol ro‘yxatidan chiqarilgani va kelgusidagi rejalari jamoatchilik e’tiborida qolmoqda.

Jarima ballari bo‘yicha yangi «rekordchilar»

So‘nggi vaqtlarda deyarli har haftamiz mudhish YTHlarsiz o‘tmay qoldi. Sababi, «o‘pkasini bosa olmaydigan», yo‘lda faqat «O‘zim bor», deb hisoblaydigan haydovchilar ko‘payganday. O‘tayotgan haftada yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha yangi ko‘rsatkichlar e’lon qilindi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar soni 671 nafarga yetgan. Amaldagi tartib bo‘yicha, bunday haydovchilar sud qarori asosida kamida olti oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Yangi tizimda ayrim qoidabuzarliklar uchun avval ogohlantirish beriladi. Jumladan, telefondan foydalanish, video tomosha qilish, noto‘g‘ri to‘xtash yoki sug‘urtasiz harakatlanish kabi holatlarda haydovchi yiliga bir marta ma’muriy ogohlantirish olishi mumkin. Takroriy holatlarda esa jarima ballari qo‘llanadi.

Qayd etilishicha, may oyida 12 ballik chegaraga yetgan haydovchilar soni atigi 49 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich bir necha baravar oshgan. Svetoforga bo‘ysunmaslik, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish, tezlikni oshirish kabi jiddiy qoidabuzarliklar esa tizim orqali nazorat qilinmoqda.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 57

Barchasi

Mavzuga oid