
«Microsoft» bir kunda 360 mlrd yo‘qotdi: kompaniya aksiyalari 10 foizga tushdi
Kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi moliyaviy hisobot e’lon qilinganidan so‘ng rekord darajadaga kamaydi.

«Microsoft»ning bozor kapitalizatsiyasi moliyaviy hisobot e’lon qilinganidan so‘ng rekord darajada – 360 mlrd dollarga kamaydi. Hisobotda data-markazlar qurilishiga juda katta xarajatlar qilingani ochiqlandi. Kompaniya aksiyalari kecha, 29-yanvar kuni 10 foizga tushdi – bu 2020 yildagi pandemiya davridan beri eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda «Financial Times» xabar berdi.
SI-infratuzilma: juda qimmatmi?
Investorlar sarosimasining asosiy sababi kapital xarajatlarning keskin o‘sishi bo‘ldi. Kompaniya 2025 yilning so‘nggi uch oyidagina data-markazlarga 37,5 mlrd dollar sarflagan (yillik hisobda 66% o‘sish).
Daromadlar kutilmalardan yuqori chiqqan bo‘lsa-da, bulutli bo‘lim o‘sishi tahlilchilar prognozidan sekinroq bo‘ldi. Uoll-stritni sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlariga kiritilayotgan ulkan investitsiyalar yaqin istiqbolda o‘zini oqlay oladimi-yo‘qmi, degan savol tobora ko‘proq xavotirga solmoqda.
«OpenAI»ga bog‘liqlik va «aylanma moliyalashtirish»
Investorlar «Microsoft»ning «ChatGPT» yaratuvchisi – «OpenAI»ga xavfli darajada bog‘lanib qolganiga ham e’tibor qaratmoqda. «Microsoft»ning kelajakdagi barcha bulutli shartnomalarining 45 foizi (umumiy qiymati 625 mlrd dollar) aynan «OpenAI» hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, «OpenAI» «Nvidia», «Microsoft» va «Amazon» ishtirokida 40 mlrd dollarlik yangi moliyalashtirish raundini tayyorlayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu esa «aylanma moliyalashtirish» qo‘rquvlarini kuchaytirmoqda, ya’ni texnogigantlar startapga pul beradi, u esa bu mablag‘larni yana ularning bulutli xizmatlari va chiplarini sotib olishga sarflaydi.
SIning yangi bosqichi
Tahlilchilar ta’kidlashicha, SI barcha texnokompaniyalar aksiyalarini bir vaqtning o‘zida ko‘tarib yuboradigan davr yakunlangan. «Microsoft» aksiyalari qulayotgan bir paytda, «Meta» kuchli hisobot tufayli 10,4 foizga o‘sdi.
«Biz biznes-modellarni baholash bosqichiga o‘tdik. Endi bozor kim SI orqali haqiqiy daromad qilayotganini, kim esa faqat milliardlarni sarflayotganini qattiq saralab chiqmoqda», — deydi «Barclays» strategi Venu Krishna.
AQSH iqtisodiy konteksti
«Microsoft»ning pasayishi AQSH iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha kutilmalar sovib borayotgan bir paytda ro‘y berdi. 2025 yil to‘rtinchi choragi uchun YAIM o‘sishi prognozi noyabr oyida savdo defitsitining keskin o‘sishi sababli 5,4 foizdan 4,2 foizga tushirildi. Prezident Donald Tramp AQSH iqtisodiyotini hali ham dunyodagi eng «qaynoq» iqtisodiyot deb atayotgan bo‘lsa-da, bozor tobora ehtiyotkorlik ko‘rsata boshladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq «General Motors» kompaniyasining «ajoyib» deb baholangan choraklik hisoboti e’lon qilinganidan so‘ng kamida 13 nafar tahlilchi avtokonsern aksiyalari bo‘yicha maqsadli narxni oshirgandi.



