
Mirobod bozori atrofi zamonaviy qiyofaga keltiriladi
Toshkentdagi Mirobod dehqon bozori hududida bir oy davomida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi. Mirobod tuman hokimligi loyiha suratlarini e’lon qildi.

Toshkent shahri Mirobod tumani hokimligi shahar aholisi va bozor savdogarlari uchun qulay muhit yaratish maqsadida Mirobod dehqon bozori (Gospitalniy) atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, loyiha doirasida bozor atrofi zamonaviy qiyofaga keltirilib, piyodalar harakati uchun qulay, xavfsiz va toza muhit yaratiladi. Bu ishlar bir oy ichida yakunlanishi rejalashtirilgan.

Tuman ma’muriyati ta’kidlashicha, qurilish va obodonlashtirish ishlari davomida mavjud daraxtlar kesilmaydi. Aksincha, hududda yangi ko‘chatlar ekilib, yashil maydonlar soni ko‘paytiriladi. Shu bilan birga, yangi yoritish tizimi va trotuarlar o‘rnatilishi ham ko‘zda tutilgan.

Bozor faoliyati obodonlashtirish ishlari davomida ham to‘xtamaydi va savdo jarayoni belgilangan tartibda davom etadi.

Hokimlik aholidan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘rab, ishlarni sifatli va qisqa muddatda amalga oshirishga va’da berdi.






