Miroboddagi bolalar maydonchasi o‘rnidagi noqonuniy qurilish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Avvalroq Saida Mirziyoyeva Mirobod tumanidagi «Lolazor» mahallasida o‘rganish ishlarini olib borgandi. Ish doirasida bir nafar shaxs gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi.
© Foto: t.me/Rasmiy_axborot_officialMirobod tumanida bolalar maydonchasi va sport o‘yingohlari hududida amalga oshirilgan qurilish ishlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, avval «Mahalla» xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan hudud keyinchalik «Al-Latif Hearts Tower» MCHJ tasarrufiga o‘tkazilgan. Shuningdek, rekonstruksiya va qo‘shimcha bino-inshootlar qurish uchun tegishli ruxsat hujjatlari ham rasmiylashtirilgan.
Biroq «Lolazor» mahallasi aholisi mazkur hududda yangi qurilishga qarshi chiqqan. Keyinchalik «Mahalla» xayriya jamoat fondi bilan investor o‘rtasidagi investitsiya shartnomasi ham bekor qilingan.
Bino buzilgani aniqlangan
Shunga qaramay, 2026 yil iyun oyida fond balansida bo‘lgan 172 kvadrat metr maydondagi bino buzib tashlangani va bu orqali davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Shu munosabat bilan 27-iyul kuni tuman prokuraturasi tomonidan «Al-Latif Hearts Tower» MCHJ mansabdor shaxslari hamda boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jamiyatning norasmiy rahbari sifatida ko‘rsatilayotgan Asliddin Ikromov gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan.
Tergov davom etmoqda
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish hamda bolalar maydonchasini avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha choralar ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva «Lolazor» mahallasiga tashrif buyurib, poytaxtda bolalar va sport maydonchalari o‘rnida qurilishlar ko‘payib borayotganini tanqid qilgan edi.





