
Mirziyoyev 5–6-fevral kunlari Pokistonga boradi
Tashrif doirasida savdo hajmini oshirish, tranzit yo‘laklarini rivojlantirish va yirik investitsiya loyihalarini ishga tushirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.

2026 yilning 5–6-fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Pokistonda bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Pokistonning Business Recoreder nashri xabar berdi.
Ushbu tashrif ikki davlat munosabatlarini keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qaratilgan bo‘lib, iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
Pokiston tomoni tashrifga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mamlakat bosh vaziri Shahboz Sharif tayyorgarlik ishlarini shaxsan nazorat qilib, barcha idoralarga tashrif doirasidagi tadbirlarni o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha topshiriq bergan. Shuningdek, 3–4-fevral kunlari Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning ham Islomobodga tashrifi rejalashtirilgan.
Tashrifning asosiy maqsadlari
Tashrifning asosiy iqtisodiy maqsadlaridan biri ikki tomonlama savdo aylanmasini yaqin istiqbolda 1 milliard, o‘rta muddatda esa 2 milliard dollarga yetkazishdir. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil yakunida o‘zaro savdo hajmi 404–407 million dollarni tashkil etgan, 2025 yil yanvar–noyabr oylarida esa 434,4 million dollarga yetgan.
Logistika va moliyaviy infratuzilma
Ikki mamlakat o‘rtasida tovar nomenklaturasini 17 turdan 100 tagacha kengaytirish, chegaradagi kechikishlarni qisqartirish uchun elektron ma’lumot almashinuvi tizimini joriy etish rejalashtirilgan. 2026 yilda Pokiston Milliy bankining O‘zbekistonda filial ochishi kutilmoqda, bu kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishni osonlashtiradi.
Transafg‘on temir yo‘li — asosiy loyiha
Kun tartibidagi strategik loyihalardan eng muhimi — Transafg‘on temir yo‘lidir. Ushbu yo‘lak Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab, yuk yetkazib berish muddatini 3–5 kungacha qisqartirish va xarajatlarni 40 foizga kamaytirish imkonini beradi. 2025 yilda loyiha bo‘yicha texnik asoslar tayyorlanib, moliyalashtirish masalalari muhokama qilingan.
Investitsiya va sanoat hamkorligi
Shuningdek, tashrif doirasida Islomobodda O‘zbekiston–Pokiston biznes forumi va «Madye in Uzbekistan» ko‘rgazmasi o‘tkazilib, to‘qimachilik, farmatsevtika, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi qo‘shma loyihalar muhokama qilinadi. Tashrif yakunlarida ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi Strategik sheriklik oliy kengashini tashkil etish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun: 2025 yil fevral oyida Pokiston bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bilan kelgan edi.





