
Mirziyoyev O‘zbekistonning Falastin borasidagi pozitsiyasini qayta esladi
29.08.2025 | 20:2030403
Qolaversa, «Tolibon» bilan konstruktiv va amaliy hamkorlik olib borish zarurligini aytdi.

O‘zbekiston Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyada. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida bo‘lib o‘tayotgan davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida so‘z ochdi.
«Afg‘oniston mintaqaviy va global xavfsizlikning muhim omili ekanidan kelib chiqib, ushbu mamlakatning hukumati bilan konstruktiv va amaliy hamkorlik olib borish zarur, deb bilamiz. Biz Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalari bilan tasdiqlangan huquqqa, ya’ni o‘zining mustaqil davlatini barpo etish huquqiga ega, degan qat’iy pozitsiyamizni yana bir bor bildiramiz»,
– dedi prezident.
Mirziyoyevga ko‘ra, o‘zbek xalqi urush va ofatlar vaqtida og‘ir vaziyatga tushib qolgan begunoh insonlarga doimo beg‘araz yordam ko‘rsatib kelgan.
Davlat rahbari insonparvarlik an’analariga sodiq qolib, O‘zbekistonga olib kelingan Falastin fuqarolariga mehmonlar sifatida zarur ijtimoiy, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha maxsus farmon qabul qilinganini qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, prezident bag‘rikeng, mehr-oqibatli o‘zbek xalqi ushbu farmonda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirishda faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.





