add

Mirziyoyev Pokiston Prezidenti va bosh vaziriga ta’ziya yo‘lladi

Islomobodda Juma namozi vaqtida sodir bo‘lgan portlash oqibatida o‘nlab insonlar halok bo‘lib, yuzdan ortiq fuqaro yaralandi.

Mirziyoyev  Pokiston Prezidenti va bosh vaziriga ta’ziya yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahridagi masjidda sodir bo‘lgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlarning halok bo‘lgani hamda jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy va bosh vaziri Shahboz Sharifga ta’ziya yo‘lladi.

O‘zbekiston rahbari Pokiston xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Portlash tafsilotlari

Pokiston poytaxti Islomobodda bugun, 6-fevral kuni juma namozi paytida masjidda sodir bo‘lgan portlash oqibatida 31 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi.

Shaharning Tarlay hududida joylashgan shialar masjididagi portlashdan so‘ng Islomoboddagi uchta shifoxonada favqulodda holat e’lon qilindi. Rasmiylar yaralanganlar sonini 100 nafardan ortiq deb baholamoqda.

«Portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni oshdi. Jami 31 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Shifoxonalarga yetkazilgan yaralanganlar soni esa 169 nafarga yetdi», – dedi Islomobod shahar hokimining o‘rinbosari Irfon Memon.

Portlash sababi hozircha aniq emas, biroq ayrim xabarlarda hodisa xudkush terrorist tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid