
Mirziyoyev Pokistonning yirik kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi
Islomoboddagi biznes forumi doirasida investitsiya, sanoat va agrosanoat sohalarida qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Pokiston biznes forumi doirasida Pokistonning to‘rtta yirik kompaniyasi rahbarlari bilan alohida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvlarda ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Prezident HRL Group kompaniyasi raisi Zohid Rafiq, Go Group kompaniyasi bosh ijrochi direktori Dur Muhammad Ayub, Gohar Textile kompaniyasi asoschisi Gouhar Mustafo hamda Engro Group kompaniyasi raisi Ahsan Zafar Said bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvlarda har bir kompaniyaning faoliyat yo‘nalishlari va O‘zbekistonda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar alohida ko‘rib chiqildi. HRL Group qurilish, tog‘-kon sanoati va energetika sohalarida faoliyat yuritib, yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish tajribasiga ega ekani ta’kidlandi.
Engro Group esa energetika, neft-kimyo va qishloq xo‘jaligi sohalarida Pokiston energetika xavfsizligiga salmoqli hissa qo‘shayotgan yetakchi xolding sifatida qayd etildi.
Shuningdek, Gohar Textile kompaniyasi paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashgani, Go Group esa qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda eksport qilishda yetakchi ekani bildirildi. Tomonlar ushbu tajribalarni O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar orqali joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida HRL Group rahbari Islomobodda Imom Buxoriy majmuasini barpo etish, Samarqand shahrida zamonaviy mehmonxona qurish tashabbusini ilgari surdi. Go Group'ning O‘zbekistonda chorvachilik mahsulotlarini to‘liq qayta ishlash zanjiriga ega agroklaster tashkil etish rejalari ham qo‘llab-quvvatlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri qo‘shma biznes forumda ishtirok etgabligi haqida xabar bergan edik.





