add

Mirziyoyev Toshkent shahri qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi

Prezident ichki ishlar va qo‘riqlash xizmati ishlarni mahalladan boshlashi, xonadonlarning holatini o‘rganib, ularning xavfsizligini ta’minlashi zarurligini alohida ta’kidladi.

Mirziyoyev Toshkent shahri qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi© Фото: president.uz

Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi. Tashrif doirasida aholining tinch va osoyishta hayoti, shuningdek, mol-mulki daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar hamda sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.

Prezidentning 2025 yilda qabul qilingan farmon va qarori ijrosi doirasida Qo‘riqlash departamenti Milliy gvardiya tizimidan ichki ishlar organlari tizimiga o‘tkazilgani ta’kidlandi. Bu qaror sohada yagona boshqaruvni ta’minlash, tezkorlikni oshirish va javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan. Shu asosda departament faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilib, tizimli chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Texnik qo‘riqlash va mahalla xavfsizligi

Texnik qo‘riqlashni tashkil etish va aholiga xizmat ko‘rsatishning yangi tizimlari joriy etildi. Xususan, ko‘p qavatli uylarning yo‘laklariga «tashvish» tugmalari o‘rnatilishi natijasida qo‘riqlash naryadlari qamrovidagi xonadonlar soni keskin oshgan. Shu bilan birga, himoya orderi berilgan ayollar xavfsizligini ta’minlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Ichki ishlar organlarining tegishli xizmatlari bilan hamkorlikda obyekt va xonadonlarni qo‘riqlovga olish tizimi mustahkamlandi. Bu choralar samarasi o‘laroq, qo‘riqlanayotgan obyektlar soni bir yilda 99 foizga, qo‘riqdagi xonadonlar soni esa 118 foizga oshgan. Shuningdek, texnik qo‘riqlash markazlari soni 19 taga, tezkor harakatlanuvchi guruhlar soni esa 15 foizga ko‘paygan.

«Xavfsiz shahar» konsepsiyasi amalda

Prezident xizmat binosi hovlisida qo‘llanilayotgan maxsus texnika vositalari, dronlar manyovri va jamoat tartibini saqlashga jalb etiladigan transport vositalarini ko‘zdan kechirdi. Shundan so‘ng qo‘riqlash texnika vositalarining ko‘rgazmali taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimotda «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini joriy etish va uni izchil rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil axborot berildi. 2023 yilda qabul qilingan qaror asosida respublika bo‘ylab ushbu konsepsiya bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. Ko‘rgazma maydonchasida turli turdagi videokuzatuv tizimlari va kameralarning real vaqtda ishlashi namoyish etildi.

Aylanma kameralar, yuz qiyofasi orqali shaxsni aniqlovchi hamda davlat raqam belgisini tanib oluvchi intellektual kameralarning imkoniyatlari ko‘rsatildi. Bu uskunalar mahallalar, jamoat joylari, ta’lim muassasalari, shuningdek, shahar va tumanlarning kirish-chiqish nuqtalariga o‘rnatilmoqda.

Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt

Bugungi kunda barcha hududiy ichki ishlar boshqarmalarida sun’iy intellekt asosida ishlovchi «Qalqon» axborot tizimi to‘liq ishga tushirilgan. U hududlarni onlayn kuzatish, tezkor qidiruv ishlarini olib borish, kuch va vositalarni boshqarish hamda jinoyatlarni «issiq izidan» fosh etishga xizmat qilmoqda.

Prezident ichki ishlar va qo‘riqlash xizmati ishlarni mahalladan boshlashi, xonadonlar holatini o‘rganib, xavfsizlikni ta’minlashi zarurligini alohida ta’kidladi. Toshkent megapolis ekanini inobatga olgan holda, qonunbuzarlik va jinoyat omillarini muntazam tahlil qilish talab etildi.

Kiberxavfsizlik va kadrlar masalasi

«Xavfsiz shahar» doirasida yagona platforma, 13 ta ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, yagona elektron xarita, 42 ming 750 ta intellektual kamera hamda 17 ta yong‘in xavfsizligi monitoringi tizimi faoliyat yuritmoqda. Ushbu tizimlar budjet mablag‘larini tejashga ham xizmat qilayotgani qayd etildi.

Mirziyoyev jinoyatchilik shakllari o‘zgarib borayotgani, ayniqsa kiberxavfsizlik sohasida tahdidlar ortib borayotganini ta’kidlab, bu yo‘nalishda malakali kadrlar tayyorlash, bank va ichki ishlar organlari xodimlarini muntazam o‘qitish zarurligini bildirdi. Shuningdek, videokuzatuv tizimlarini samarali boshqarish uchun mutaxassislar tayyorlash muhim ekani qayd etildi.
Tashrif yakunida «Xavfsiz ko‘cha», «Xavfsiz yo‘lak» va gastronomik yo‘laklarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, qo‘riqlash xizmati xodimlarini o‘qitish va situatsion markaz faoliyati bilan ham tanishildi.

Teglar

Mavzuga oid