Mirziyoyev yuqori kuchlanishli kabel ishlab chiqaruvchi korxona bilan tanishdi
21 gektar maydonda barpo etilayotgan qo‘shma korxonaning umumiy qiymati 60 mln dollarni tashkil etadi. Korxona to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga tashrif buyurib, yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Enco Group» korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona Belarus Respublikasining «Energokomplekt» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Eltech Industrial» texnoparki hududida 21 gektar maydonda barpo etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 60 million dollarni tashkil etadi. Korxona to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 600 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyiha haqida
Loyiha ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Korxona yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishi, eksport salohiyati 300 million dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Ayni paytda qurilish ishlarining birinchi bosqichi 98 foizga yakunlangan, 10 million dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirilgan. Korxona mahsulotlarini Germaniya, Latviya, Estoniya, Bolgariya va MDH davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan bo‘lib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yillik eksport hajmi 140 million dollarga yetishi taxmin qilinmoqda.
Import o‘rnini bosish va tarmoq rivoji
O‘tgan yili O‘zbekistonga 400 million dollarga yaqin yuqori kuchlanishli kabel mahsulotlari va izolyatsiyalangan mis shinalar import qilingan. Korxona to‘liq ishga tushirilgandan keyin 150 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi shunday mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Markaziy Osiyoda bunday yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan 12 ta korxonaning 4 tasi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelishi qayd etildi. Bu mamlakatimizda elektrotexnika sanoati bosqichma-bosqich yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan tarmoqqa aylanayotganini ko‘rsatadi.
Mirziyoyevga korxonaning kelgusidagi rivojlanish rejalari, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish hamda mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi.
Prezident sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda eksportbop raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.





