Logo

Mirziyoyeva «blatnoy»larni tiyib qo‘yishni buyurdi, Sherzod Xo‘jayev qaytdi, Karimovaga nisbatan sud to‘xtatildi, asosiy stavka yana o‘zgarishsiz qoldirildi — hafta dayjesti

Kecha 20:256 daqiqa

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni Vaqt.uz’da yana bir bor esga olamiz.

Sherzod Xo‘jayev Energetika vaziri lavozimiga tayinlandi

Yakunlanayotgan hafta O‘zbekiston energetika tizimida muhim kadrlar o‘zgarishlari va keskin tanqidlar bilan yodda qoldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida tarmoq faoliyati atroflicha tahlil qilinib, so‘nggi yillarda sohaga milliardlab dollar investitsiya jalb etilganiga qaramay, elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar, debitor qarzdorlik va boshqaruvdagi kamchiliklar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Davlat rahbari muammo mablag‘da emas, balki tizim boshqaruvi va ijro intizomida ekanini alohida ta’kidladi.

Tanqidlar ortidan qator kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi. Avvaliga Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga energetika tizimida ko‘p yillik tajribaga ega Sherzod Xo‘jayev Energetika vaziri etib tayinlandi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 29-iyul kuni Jo‘rabek Mirzamahmudov huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan yashash manzilidan olib ketilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shuningdek, tizimdagi jiddiy kamchiliklar sabab «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi rahbari ham lavozimidan olinib, uning o‘rniga Sardor Isaqulov tayinlandi. Shu tariqa, energetika sohasida boshqaruvni kuchaytirish va natijadorlikni oshirishga qaratilgan yangi bosqich boshlandi.

Mirziyoyeva prokurorga «blatnoy»larni tiyib qo‘yishga chaqirdi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahar prokuroriga poytaxtdagi aholi foydalanadigan hududlar, bolalar maydonchalari va yashil hududlarning noqonuniy egallanishi holatlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi.

Uning ta’kidlashicha, ayrim hududlarda aholi foydalanib kelgan yashil hududlar va jamoat joylari yo‘q qilinmoqda. Shu sabab Toshkent bo‘yicha bunday obyektlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilib, qurilish ruxsatnomalarining qonuniyligi va shaharsozlik talablari tekshiriladi.

Uning ta’kidlashicha, poytaxtda qurilishlar tufayli umumiy hovlilar, bolalar va sport maydonchalari yo‘q qilinishiga oid murojaatlar ko‘paygan.

Qonunbuzarlik aniqlangan taqdirda, mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Davlatlararo kengash tuziladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ldi. Cho‘lponotada Prezident Sadir Japarov bilan o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda energetika, logistika, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi. Shuningdek, ikki davlat poytaxtlarida savdo uylari ochilishi va Davlatlararo kengash tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Davlat tashrifining eng yorqin voqealaridan biri Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonning oliy davlat mukofotlaridan biri — I darajali «Manas» ordeni bilan taqdirlangani bo‘ldi. Mukofotni davlatimiz rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga keldi. Prezident Ostona shahrida o‘tkazilgan «Kelajak o‘yinlari» uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlari Qirg‘izistondagi ilk xalqaro toifadagi golf klubiga tashrif buyurdilar.

Gulnora Karimovaga nisbatan sud jarayoni to‘xtatildi

Yakunlanayotgan hafta Shveysariya sudi O‘zbekiston bilan bog‘liq pul yuvish ishi bo‘yicha «Lombard Odier» bankini jarimaga tortdi.

Shu bilan O‘zbekistonning birinchi Prezidenti qizi Gulnora Karimovaga nisbatan sud jarayoni to‘xtatildi. Shveysariya prokuraturasi Karimovani pora olishda va «Ofis» deb atalgan jinoiy guruhni boshqarishda ayblagan edi.

Shveysariya sudi «Lombard Odier» xususiy bankini pul yuvishning oldini olish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rmagani uchun 3 million Shveysariya franki, ya’ni taxminan 3,68 million dollar miqdorida jarimaga tortdi.

Tergovchilarning fikricha, mazkur guruh 2005–2013 yillar oralig‘ida yuzlab million dollar noqonuniy mablag‘larni Shveysariyadagi bank hisoblariga o‘tkazgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Karimovaga nisbatan 2013 yilda o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015 yilda birinchi ish bo‘yicha unga besh yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan, 2017 yilda esa ikkinchi ish bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, 2020 yil mart oyida Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani tovlamachilik, o‘zlashtirish, talon-toroj, pul yuvish va boshqa jinoyatlarda ayblab, 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.

Karimova dastlab Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli koloniyada jazo o‘tagan. 2025 yil yanvar oyida uning aynan shu viloyatdagi manzil-koloniyaga o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgan.

Soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari 8 yildan ortiq muddatga qamaldi

Bu hafta Prezident tomonidan lavozimidan olinganidan qariyb olti oy o‘tib, Soliq qo‘mitasi raisi sobiq birinchi o‘rinbosari Murod Mirzayevga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.

Shayxontohur tuman sudi uni mansab vakolatini suiiste’mol qilish, juda ko‘p miqdordagi mulkni o‘zlashtirish hamda hokimiyat harakatsizligi bilan bog‘liq jinoyatlarda aybdor deb topib, 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Shuningdek, unga uch yil davomida ayrim lavozimlarda ishlash taqiqlandi.

Mazkur ish doirasida yana to‘qqiz nafar ayblanuvchi ham turli iqtisodiy va mansabdorlik jinoyatlari bo‘yicha aybdor deb topilib, ularga 4 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.

Shuningdek, sud hukmi bilan jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni undirish ham belgilandi. Qayd etilishicha, tayinlangan jazolar qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan kundan boshlab hisoblanadi.

«Better Best» 2,2 milliard so‘mlik jarimaga tortildi

Iyul oyi boshida Toshkentda qurilish ishlari vaqtida kanalizatsiya quvuriga shikast yetkazilishi oqibatida «Salar» kanaliga qariyb 64 ming kub metr oqova suv noqonuniy ravishda oqizilgani ma’lum bo‘lgan edi.

Bu hafta mazkur holat yuzasidan yirik ekologik tovon puli belgilandi.

Gap Yakkasaroy tumanida «Better Best» kompaniyasi qurayotgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi haqida bormoqda. Kanalizatsiya quvuridagi avariyadan keyin qurilish maydonida to‘plangan oqova suv maxsus nasoslar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Salar» kanaliga oqizilgani aniqlangan. Laboratoriya tahlillari suv va tuproq tarkibidagi zararli moddalar me’yordan bir necha barobar yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Shu asosda qurilish kompaniyasiga tabiatga yetkazilgan zarar uchun 2 milliard 220 million so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lash majburiyati yuklatildi. Bu so‘nggi vaqtlarda ekologik qonunchilikni buzgan qurilish kompaniyalariga nisbatan qo‘llangan eng yirik moliyaviy choralardan biri bo‘ldi.

179 millionlik bekatlar: talabga javob beradimi?

Toshkentda yangi avtobus bekatlari qurilishi atrofidagi bahslar hali ham muhokama markazida. Bu hafta ularning haqiqiy qiymati va moliyalashtirish manbalariga oydinlik kiritildi.

28-iyul kuni Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bekatlar nima uchun aynan «EWI SNACKS» kompaniyasiga topshirilgani, har bir bekat uchun qancha mablag‘ sarflanishi va loyiha qaysi manbalar hisobidan amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, birinchi bosqichda investor o‘z mablag‘lari hisobidan 240 ta zamonaviy bekat o‘rnatadi. Ulardan yarmi daromadli hududlarga, qolgan qismi esa ijtimoiy ahamiyatga ega yo‘nalishlarga joylashtiriladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, reklamasiz bekatning o‘rtacha qiymati 42 million so‘m, reklamali bekatlar esa 114 milliondan 178 million so‘mgacha baholangan. Loyiha shahar budjeti hisobidan emas, investor mablag‘lari asosida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizda o‘zgarishsiz qoldirdi

O‘tayotgan hafta Markaziy bank iqtisodiyot uchun muhim qarorlardan birini e’lon qildi. Regulyator inflatsiyadagi qisqa muddatli o‘sishga qaramay, asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, iyun oyida yillik inflatsiya 6,4 foizni tashkil etgan. Bunga asosan energiya resurslari va ko‘mir narxlarining qimmatlashuvi ta’sir ko‘rsatgan. Shunga qaramay, regulyator yil yakunida inflatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishini prognoz qilmoqda.

Shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti joriy yilda 7,5–8 foiz sur’atlarda o‘sishi kutilayotgani qayd etildi. Markaziy bankning ta’kidlashicha, amaldagi pul-kredit siyosati inflatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajaga tushirish, narxlar barqarorligini ta’minlash va aholining xarid qobiliyatini saqlab qolishga qaratilgan.

Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi qaror sentabr oyida qabul qilinadi.

 

Teglar

Mavzuga oid