
Misni qayta ishlovchi tadbirkorlarning kredit foizlari qoplab beriladi
08.10.2025 | 21:4541554
Prezident Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini rivojlantirish va eksportni kengaytirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Yangi loyihalar orqali yuz minglab ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

8 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish, mahsulot turini kengaytirish va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi. 2025 yilning dastlabki 9 oyida tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga o‘sib, 34 trillion so‘mga yetdi. Eksport hajmi esa 970 million dollarni tashkil qildi.
Shu bilan birga, sohada ishga solinmagan katta imkoniyatlar mavjud. Xususan, misni chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni diversifikatsiya qilish muhim vazifalar sifatida qayd etildi. Hozirda mis mahsulotlari eksportining faqat 60 foizi tayyor tovarlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Takliflarga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni rag‘batlantirish uchun mis xaridiga chegirma beriladi, kredit foizlarining 5 foizdan yuqori qismi davlat hisobidan qoplanadi, soliq va bojxona imtiyozlari joriy etiladi. Shuningdek, elektronika va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish sohasiga kirib borish zarurligi ta’kidlandi.
Yangi loyihalar tufayli kelgusi yillarda mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030 yilga borib esa 500 ming tonnaga yetishi rejalashtirilgan. Ushbu salohiyatdan foydalanib, serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, avtomatika vositalari va smart-kartalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Umuman, 2,1 milliard dollarlik 157 ta loyiha orqali 14,5 ming yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
bugungi kunda O‘zbekiston mahsulotlari xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatini kengaytirmoqda. Mamlakat Xalqaro elektrotexnika komissiyasining baholash sxemasiga a’zo bo‘ldi va endilikda milliy sertifikatlar 53 davlatda tan olinadi. Shuningdek, Yevropa talablariga mos «CE» belgisi tizimi yo‘lga qo‘yilayotgani Yevropa bozoriga eksportni kamida ikki barobar oshirish imkonini yaratadi.
Prezident Mirziyoyev taqdim etilgan chora-tadbirlarni tez va samarali amalga oshirish, eksport o‘sishini saqlab qolish hamda yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi.





