
Mobil ilovalar orqali pul o‘tkazmalari uchun yangi qoidalar joriy etildi
Endi P2P o‘tkazmalari uchun JSHSHIR va biometrik hayotiylik tekshiruvi majburiy bo‘ladi.

O‘zbekiston Markaziy banki jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda kiberxavfsizlik bo‘yicha yangi talablarni tasdiqladi. Tegishli hujjat Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va 3 oydan keyin kuchga kiradi.
Nizomga ko‘ra, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi akkauntiga faqat ushbu shaxs yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvarag‘i, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirishi hamda ushbu akkaunt orqali P2P o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin.
Biometrik identifikatsiya
Foydalanuvchining telefon raqami va JSHSHIRi mos kelishi tekshiriladi hamda moslik aniqlanmaganda mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazish va bank kartasini biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kredit va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan o‘tkazishda hayotiylik faktorlarini aniqlashi shart, ya’ni rasm orqali identifikatsiya qilish mumkin bo‘lmaydi.
Xavfsizlik uchun SMS va parol cheklovlari
Telefonga yuborilgan 1-martalik SMS xabar 3 marotaba noto‘g‘ri kiritilganda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi;
Mobil ilovadagi akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki uning parolini qayta tiklashda ushbu akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari mobil ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi.
Shuningdek, ushbu qurilmada bank kartalari bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi o‘chirib yuboriladi.
Bunda, bank kartalarini biriktirish biometrik identifikatsiyadan o‘tkazilgan holda amalga oshiriladi.





