add

Moliyaviy qiyinchilikka uchragan «Maxsustrans» 45 mlrd so‘m zarar ko‘rdi

15.08.2025 | 16:3019004

Toshkentda chiqindilarni tashishda uzilishlar kuzatilmoqda, moliyaviy tanglikka uchragan «Maxsustrans» faqat raqamlashtirish orqali tiklanishi mumkin, deydi shahar hokimi.

Moliyaviy qiyinchilikka uchragan «Maxsustrans» 45 mlrd so‘m zarar ko‘rdi
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida «Maxsustrans» korxonasining moliyaviy ahvolini «juda yomon» deb baholadi. 2022–2023 yillarda korxona 45 milliard so‘m zarar ko‘rgani, moliyaviy qiyinchiliklar tufayli ayrim kunlarda chiqindi tashish ishlari to‘xtagani ma’lum qilindi. Umrzoqovning aytishicha: «Muammoning asosiy yechimi – xizmatlarni raqamlashtirish. Hozirda Olmazor tumanida «Toza Poytaxt» platformasi sinov tariqasida ishga tushirilgan bo‘lib, 1 sentyabrga qadar u shaharning barcha tumanlarida joriy etiladi. Tizim orqali chiqindilarni yig‘ish jarayoni nazorat qilinadi va bu 3 milliard so‘m yoqilg‘i tejash imkonini bergan». Shuningdek, 34 turdagi chiqindilarni olib tashlash uchun yangi texnikalar xarid qilindi. Chiqindi tashish mashinalari haydovchilarining oylik maoshi ikki baravarga – 4 million so‘mdan 8 million so‘mga oshirildi. Bu kunlik chiqindi olib chiqish hajmini 30 foizga ko‘paytirdi. Shu bilan birga, shahar bo‘ylab qo‘shimcha 480 ta chiqindi yig‘ish shoxobchasi tashkil etilmoqda. Xizmat samaradorligini oshirish maqsadida tunda chiqindi olib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Mashinalarning harakat vaqti va yo‘nalishini aholi onlayn kuzatishi uchun platforma yaratilgan. Ushbu tizim orqali xizmat sifati past bo‘lsa, operatorlar jazolanadi, aholi esa xizmat haqini to‘lashdan ozod qilinadi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vaziri Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, bu adolatli tizim bo‘lib, chiqindi tashish korxonalari mas’uliyatini oshiradi va aholi manfaatlarini himoya qiladi. Vaqt.uz avval xabar berganidek, Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

Teglar

Mavzuga oid