add

Moskvada rus generaliga suiqasd uyushtirildi

Kecha 17:442 daqiqa

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Vladimir Alekseyev Volokolamsk shossesida joylashgan turarjoy binosida sodir etilgan hujumda og‘ir yaralandi. Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Moskvada rus generaliga suiqasd uyushtirildi

Moskvada Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Mudofaa vazirligi general-leytenanti Vladimir Alekseyevga suiqasd uyushtirildi. Rossiya Tergov qo‘mitasining rasmiy vakili Svetlana Petrenko 64 yoshli generalga qilingan hujum bugun, 6-fevral kuni u istiqomat qilgan Volokolamsk shossesidagi turarjoy binosining 24-qavatida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Noma’lum shaxs Alekseyevga bir necha marta o‘q uzib, voqea joyidan qochib ketgan. General tirik qolgan va zudlik bilan Moskvadagi shifoxonalardan biriga yetkazilgan. Davlatga qarashli «Russia Today» telekanali huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbaga tayanilgan holda jabrlanuvchining ahvoli og‘ir ekanini xabar qildi. «Telegram»dagi «Baza» kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Alekseyev ko‘p qon yo‘qotgan.

Hodisa joyida tergovchilar va kriminalistlar ish olib bormoqda. Ular kuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rganmoqda, guvohlarni so‘roq qilmoqda. Petrenkoning aytishicha, Rossiya Tergov qo‘mitasi odam o‘ldirishga suiqasd va o‘qotar qurolning noqonuniy aylanmasi moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. «The Insider» nashri ma’lumotlariga ko‘ra, uy aholisi chatlarda pod’ezdda kameralar ishlamayotganidan shikoyat qilgan.

Alekseyev AQSH va YI sanksiyalari ostida

General-leytenant Vladimir Alekseyevni ko‘pchilik 2023 yil yozida Yevgeniy Prigojin isyoni paytida e’lon qilingan video murojaat orqali bilsa kerak. O‘shanda aynan Alekseyev «vagnerchilar»ni «provokatsiyalarga berilmaslikka» chaqirgan edi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u shaxsan «Vagner» o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan yangi xususiy harbiy kompaniyani nazorat qilgan.

Ukrainada tug‘ilgan Alekseyev 2016 yil dekabridan beri AQSH sanksiyalari ostida – u AQSH prezidenti saylovlari oldidan sodir etilgan kiberhujumlar bilan bog‘liq ayblovlar sabab sanksiya ro‘yxatiga kiritilgan. 2019 yilda esa u Solsberi shahrida ikki tomonlama agent Sergey Skripal zaharlanishi ishi ortidan Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga ham tushgan.

Shunga o‘xshash hodisalar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri bir necha bor kuzatilgan. Dekabr oyi oxirida Moskva janubida avtomashina portlashi oqibatida Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi operativ tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Fanil Sarvarov halok bo‘lgan. 2025 yil aprelida Moskva viloyatining Balashixa shahrida Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari general-leytenant Yaroslav Moskalik halok bo‘lgan. Yanvar oyida esa 2024 yil dekabrda Rossiya Federatsiyasi radiatsion, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general Igor Kirillov o‘ldirilishi ishi bo‘yicha sud hukmi chiqarilgan. Moskvadagi 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi o‘zbekistonlik Ahmadjon Qurbonovni Igor Kirillovning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumni sodir etishda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Teglar

Mavzuga oid