add

Moskvadan yana bir «shaxsiy fikr»: endi Dugin degani O‘zbekistonning suverenitetiga tahdid bilan chiqdi

Bugun 21:302 daqiqa

«Rus dunyosi» g‘oyasining asosiy mafkurachisi, Kreml faylasufi Aleksandr Dugin sobiq sovet davlatlari, jumladan O‘zbekistonning suverenitetini tan olmaslik kerakligini ta’kidlab, Rossiya bu mamlakatlarni «o‘z nazoratiga olishi kerak», deb chiqish qildi.

Moskvadan yana bir «shaxsiy fikr»: endi Dugin degani O‘zbekistonning suverenitetiga tahdid bilan chiqdi

Kreml propagandachisi, teleboshlovchi Vladimir Solovyovning «Markaziy Osiyoga nisbatan «SVO» boshlash» haqidagi tahdidli chiqishidan so‘ng hovurlar bosilmay, «Rus dunyosi»ning mafkurachisi Aleksandr Dugin «...biz suveren Armaniston yoki suveren Gurjiston yoki suveren Ozarbayjon, suveren Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning mavjudligiga rozi bo‘la olmaymiz...» deb chiqish qildi.

«Yoki ular bizning yagona ittifoqimiz tarkibiga kiradi, yoki AQSH va Yevropa Ittifoqi uchun [bizga qarshi] platsdarmga aylanadi. Hammasi tugadi. Suverenitet yakunlandi. Milliy davlatlar — o‘tmish», — dedi Dugin.

Kreml propagandachilarining ketma-ket chiqishlari borasida jurnalist Ilyos Safarov shunday yozadi:

«Rossiyalik propagandachilarning ketma-ket chiqishlari tasodif emas, bu individual fikr ham emas — bu juda aniq xavfli, mafkuraviy signal. Kecha Solovyovning Markaziy Osiyoda «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish haqidagi chaqirig‘i, bugun esa Dugin bergan mana bu bayonot Rossiya siyosiy doiralarida postimperial tafakkur hanuz tirik ekanini yana bir bor isbotlamoqda.

Bunday sharoitda «sodda, yumshoq diplomatiya» ishlamaydi, chunki kuch siyosatini targ‘ib qilayotgan tomon faqat kuchni va qat’iy pozitsiyani tan oladi. Ozarboyjon misolida buni ko‘rdik.

Tashqi ishlar vazirligi va mamlakat rahbariyati tushunishi kerak: suverenitetimizning ochiq inkor etilishini javobsiz qoldirish xavfsizlik vakuumini yuzaga keltiradi. Doimiy sukut — betaraflik yoki bosiqlik emas, balki zaiflik sifatida qabul qilinadi.

Shu sabab, birinchi va eng tabiiy javob sifatida bunday chaqiriqlar bilan chiqqan shaxslarni «persona non grata» deb e’lon qilishni boshlang. Ortiq kutish mumkin emas.

Ikkinchi bosqichda esa urush va bosqinchilik mafkurasini targ‘ib qilayotgan Rossiya telekanallarini O‘zbekiston hududida bloklash kabi axborot xavfsizligi richaglarini ishga solaylik. Agar bu aniq choralar ham samara bermasa, keyingi bosqichda Markaziy Osiyo davlatlarining birlashgan, jamoaviy va ochiq siyosiy javobi kun tartibiga chiqishi lozim. Yumshoq diplomatiya emas, ongli, prinswipial va izchil pozitsiya — mintaqaviy barqarorlikning yagona kafolati bo‘la oladi».

Eslatib o‘tamiz, Ukrainaga nisbatan mana shunday fikriy hujumlari tufayli 2022 yilning avgustida Duginga nisbatan Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan suiqasd uyushtirilgan edi. Biroq suiqasd yushtirilgan avtomashinada uning o‘zi bo‘lmagani sababli, rulni boshqarayotgan qizi Darya Dugina halok bo‘lgan edi.

Teglar

Mavzuga oid