
«Mossad» operatsiyasi Erondagi xavfsizlik tizimini falaj qildi — BBC
21.06.2025 | 10:0021064
BBC tahliliga ko‘ra, Isroilning Eronga qarshi amalga oshirgan so‘nggi hujumlari keng ko‘lamli maxfiy operatsiyalarga asoslangan bo‘lib, ularda «Mossad» markaziy rol o‘ynagan. Ushbu operatsiyalar Eron ichidagi yadroviy va harbiy ob’ektlarga aniq va muvaffaqiyatli zarbalar berish imkonini yaratgan.

BBC manbalarining ta’kidlashicha, Isroil Eronga qarshi amalga oshirgan operatsiyani 13 iyungacha boshlab yuborgan bo‘lgan. Hujumlardan avval Eron hududida keng qamrovli razvedka faoliyatlari olib borilgan. Isroil maxsus xizmatlari, ayniqsa «Mossad», hujumlarning rejalashtirilishi va amalga oshirilishida hal qiluvchi rol o‘ynagan.
Eron maxsus xizmatlari Isroilning mamlakat ichidagi qo‘poruvchilik faoliyati haqida avvaldan shubhalanib kelgan bo‘lsa-da, voqelikdagi miqyos kutilganidan ancha yuqori bo‘lgan. Hujumlardan so‘ng ma’lum bo‘lishicha, «Mossad» nafaqat razvedka ma’lumotlarini jamg‘argan, balki mamlakat ichidagi alohida maqsadli obektlarga qarshi tezkor harakatlar tashkil qilgan.
Ayrim manbalarga ko‘ra, bu hujumlar yadroviy va harbiy infratuzilmalarga, raketa omborlari va qo‘mondonlik markazlariga yo‘naltirilgan bo‘lib, buning ortida uzoq vaqt davomida amalga oshirilgan maxfiy operatsiyalar turgan. Erondagi kiberxavfsizlik rahbarlari hatto yuqori mansabdorlarga smartfon va gadjetlardan foydalanishni taqiqlashga majbur bo‘lishgan.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, Isroil «Mossad» orqali Eron hududida maxfiy bazalar tashkil etgan va ularda dronlar va raketa tizimlari yig‘ilgan. Bunday bazalardan biri Tehron yaqinidagi Ray shahrida aniqlangan bo‘lib, uch qavatli bino kamikadze dronlar ishlab chiqarish va saqlash maqsadida foydalanilgan.
Isroil nashrlari tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, bu uskunalar Iroq orqali yuk mashinalarida, tijorat jo‘natmalari va hatto yo‘lovchilar yonidagi yuklar orqali kontrabanda qilingan. Elektron portlatgichlar, kameralar, litiy batareyalar, GPS tizimlari va telekommunikatsiya uskunalari shu tarzda Eronga kiritilgan va keyinchalik ular asosida hujum qurollari yig‘ilgan.
Mutaxassislar bu kabi amaliyotlarning muvaffaqiyati Eron maxsus xizmatlari faoliyatining samarasizligini ko‘rsatibgina qolmay, mamlakatdagi ichki xavfsizlik tizimiga jiddiy shubha uyg‘otganini ta’kidlashmoqda.





