add

Muhim minerallar uchun kurash: «Uzoqni ko‘ra bilgan» Xitoy AQSHni dog‘da qoldirdi

Bugun 16:005 daqiqa

Kongo kobalt qazib oladi, Avstraliya litiy yetkazib beradi, lekin foydani Xitoy ko‘radi. Nega dunyo davlatlari o‘z boyliklarini o‘zlari qayta ishlay olmaydi? Xitoy o‘n yil avval kelajakni bashorat qilib, ekologik standartlarni qurbon qilish evaziga qayta ishlash monopoliyasini qo‘lga kiritdi.

Muhim minerallar uchun kurash: «Uzoqni ko‘ra bilgan» Xitoy AQSHni dog‘da qoldirdi © Foto: reuters

Dunyo davlatlari smartfonalrdan tortib elektromobillargacha bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan muhim minerallar va nodir yer elementlarini qo‘lga kiritish poygasiga kirishgan. AQSH prezidenti Donald Tramp ushbu minerallardan foydalanish imkoniyatini ta’minlashni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri deb e’lon qildi; uning ham Grenlandiya, ham Ukraina bo‘yicha rejalaridan konchilik sohasidagi potensial bitimlar o‘rin olgan.

Biroq, aynan Xitoy ushbu minerallarni qayta ishlash sohasida yetakchilik qilmoqda va butun dunyo foydalanishga tayyor xomashyo ta’minotida aynan unga tayanadi.

Muhim minerallar nima?

Muhim minerallar — bu muayyan mamlakat o‘z iqtisodiyoti yoki milliy xavfsizligi uchun hayotiy ahamiyatga ega deb hisoblaydigan, biroq ta’minotida qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin bo‘lgan xomashyolardir.

Kelgusi yillarda talab eng keskin o‘sishi kutilayotgan ayrim keng tarqalgan muhim minerallar quyidagilardir:

  • Mis — energetika infratuzilmasi va qurilishda qo‘llaniladi.

  • Litiy — energiyani saqlashda ishlatiladi.

  • Kobalt — ko‘chma batareyalar va shamol turbinalarida ko‘p qo‘llaniladigan yuqori mustahkamlikka ega qotishmalar ishlab chiqarishda ishlatiladi.

  • Grafit — yoqilg‘i elementlari, batareyalar, moylash materiallari va yadro energetikasida qo‘llaniladi.

Muhim minerallar ro‘yxati har bir davlatning mavjud resurslari va sanoat yo‘nalishlariga qarab farq qiladi.

Nodir yer elementlari nima?

Nodir yer elementlari ko‘plab mamlakatlarning muhim minerallar ro‘yxatidan joy olgan. O‘ziga xos elektr va magnit xususiyatlariga ega bo‘lgan ushbu guruh Mendeleyev davriy jadvalidagi lantanoidlar turkumiga kiruvchi 17 ta element, shuningdek, skandiy va ittriydan tashkil topgan.

Ular mudofaa tizimidan tortib sog‘liqni saqlashgacha bo‘lgan deyarli barcha sohalar uchun hayotiy zarur hisoblangan mikrosxemalar (chiplar) ishlab chiqarishda katta ahamiyatga ega. Shuningdek, ulardan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

  • Ittriy — aloqa va tibbiy muolajalarda qo‘llaniladigan lazer texnologiyalari uchun;

  • Neodim — elektromobillar va qayta tiklanadigan energiya qurilmalari uchun magnitlar tayyorlashda;

  • Lantan — qayta quvvatlanuvchi akkumulatorlar ishlab chiqarishda.

Xalqaro energetika agentligi (IEA) ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt va «yashil» energetikaning jadal rivojlanishi tufayli ushbu minerallarga bo‘lgan talab keskin oshdi va o‘sishda davom etishi kutilmoqda. Biroq, bunday elementlar nodir deb atalsa-da, tabiatda unchalik nodir emas. Masalan, yer qobig‘ida neodimning ulushi har million qismga 20 tani tashkil etadi, taqqoslash uchun — misning ulushi 27 ga teng.

Muhim minerallar qayerlarda bor?

Eng ko‘p tarqalgan muhim minerallar dunyo bo‘ylab taqsimlangan bo‘lsa-da, ayrim davlatlar ulkan zaxiralarga egaligi bilan ajralib turadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Xitoy 44 million tonna nodir yer elementlari zaxirasiga ega. Braziliyada bu ko‘rsatkich 21 million tonnani, Avstraliyada esa qariyb olti million tonnani tashkil qiladi. Avstraliya, Indoneziya va Chili muhim konchilik faoliyatiga ega bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi.

  • Avstraliya — temir rudasi, oltin, rux, nikel, kobalt va litiy yetkazib berishda dunyoda yetakchilik qiladi.

  • Indoneziya — jahon bozoridagi jami nikelning yarmini ishlab chiqaradi.

  • Chili — S&P Global tahlilchilariga ko‘ra, mis eksporti bo‘yicha global peshqadamdir.

Xalqaro energetika agentligining ta’kidlashicha, hozirgi konchilik loyihalari aksariyat hollarda mavjud talabni qondira oladi. Biroq 2030 yillarga borib, ham mis, ham litiy ta’minotida tanqislik yuzaga kelishi mumkin.

Xitoy minerallarni qayta ishlashda yetakchi

Yer qa’rida minerallarning mavjudligi ta’minotga ta’sir qiluvchi yagona omil emas; ularni qazib olish qanchalik osonligi va qayta ishlash imkoniyatlari ham muhim ahamiyatga ega. Ko‘pgina mamlakatlar muhim minerallarni qayta ishlash quvvatiga ega emas.

Masalan, Buyuk Britaniyaning muhim minerallar bo‘yicha hisobotida qayd etilishicha, kremniy metali 30 dan ortiq mamlakatda qazib olinsa-da, faqat uchta davlat uni mikrosxemalarda qo‘llaniladigan polikremniy holatiga keltira oladi. Aynan Xitoy ko‘plab muhim minerallarni, jumladan, nodir yer elementlari, litiy va kobaltni qayta ishlash sohasida mutlaq yetakchilik qilmoqda.

Faradey instituti tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda dunyo bo‘yicha kobaltning 70 foizi Kongo Demokratik Respublikasida ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, uning 90 foizi qayta ishlash uchun Xitoyga yuborilgan. Jahon iqtisodiy forumining qayd etishicha, 2021 yilda global litiy ta’minotining 75 foizidan ortig‘i Avstraliya va Chili hissasiga to‘g‘ri kelgan, biroq uni tozalash jarayonlarining 72 foizi Xitoyda amalga oshirilgan. Ayrim turdagi nodir yer elementlarini qayta ishlash borasida esa Xitoyning ulushi 95 foizdan ham yuqori.

London iqtisodiyot maktabi huzuridagi Grantem iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni o‘rganish ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Bob Uord BBC News nashriga bergan intervyusida Xitoy bundan o‘n yil avval «yashil» energetika o‘sishini oldindan ko‘ra bilgani va strategik jihatdan aynan minerallarni qayta ishlash yo‘nalishini egallashga harakat qilganini ta’kidladi.

Ushbu holat AQSH va boshqa mamlakatlarni Xitoyga qattiq bog‘lab qo‘ydi va ularning ta’minot zanjiridagi zaifligini oshirdi. AQSH hukumatining maxsus qo‘mitasi tomonidan 2023 yilda tayyorlangan hisobotda ogohlantirilishicha, muhim minerallar yetkazib berish tizimini mustahkamlay olmaslik «mudofaa sanoati ishlab chiqarishining to‘xtab qolishiga va boshqa ilg‘or texnologiyalar ishlab chiqarilishining bo‘g‘ilishiga» sabab bo‘lishi mumkin.

2025 yilda Yevropa markaziy banki ham Xitoyning nodir yer elementlari ta’minotidagi «hal qiluvchi» o‘rni geosiyosiy uzilishlar fonida jiddiy xatarlarni yuzaga keltirishini qayd etdi. Prezident Tramp ushbu qaramlikni kamaytirish maqsadida AQSHda minerallar qazib olishni rag‘batlantirish niyatida ekanini ochiq-oydin bildirdi. 2025 yilning oktabr oyida AQSH Avstraliya bilan muhim minerallar bo‘yicha bitim imzoladi.

Ushbu tadbirda Tramp: «Taxminan bir yildan so‘ng bizda shunchalik ko‘p muhim minerallar va nodir yer elementlari bo‘ladiki, ularni nima qilishni bilmay qolasiz», — deya bayonot berdi.

AQSH Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda nodir yer elementlari zaxiralari mavjud bo‘lsa-da (dunyo zaxiralarining 2 foizidan biroz ko‘prog‘i), ularni qayta ishlash quvvatlarini yo‘lga qo‘yish uchun yillar talab qilinishi mumkin.

«Hozirgi vaqtda birorta ham davlat Xitoyning bu boradagi hukmronligidan mustaqil ravishda o‘zib ketish uchun yetarli moliyaviy resurslar yoki texnik imkoniyatlarga ega emas», — deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi direktori Greyslin Baskaran.

Xitoyda konchilik va qayta ishlash faoliyatida ekologik standartlarning pastligi ushbu mamlakatga xarajatlarni raqobatchilarga qaraganda ancha arzon qilish imkonini bergan.

 

Teglar

Mavzuga oid