Murojaatlarni o‘rganish bo‘yicha yangi tizim Qarshidan boshlanadi
Prezident viloyat ichki ishlar hodimlarining qo‘pol muomalasi yuzasidan murojaatlar ko‘payganini aytib, haftaning bir kunini muomala madaniyatini o‘rgatishga ajratilishini ma’lum qildi.

Qarshi shahrida aholidan kelib tushayotgan murojaatlarni chuqur tahlil qilish va ularni manzilli hal etish bo‘yicha yangi ishlash tizimi joriy etilishi belgilandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ish haqining kechiktirib to‘lanishi yuzasidan murojaatlar
Qayd etilishicha, Qarshi shahrida kelib tushgan murojaatlar tahlili bir qator dolzarb muammolarni ochib bergan. Jumladan, 146 ta murojaat ish haqining kechiktirib to‘lanishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bunday holatlarda korxonalarning moliyaviy ahvoli tahlil qilinib, xomashyo, aylanma mablag‘, infratuzilma yoki bozor topish kabi masalalar banklar va mas’ul idoralar bilan hamkorlikda hal etiladi. Agar ish haqi asossiz ravishda to‘lanmayotgan bo‘lsa, u belgilangan tartibda majburiy undiriladi.
Shahardagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sifati ham aholi murojaatlarida alohida o‘rin tutmoqda. Qarshida 35 ming xonadonli 930 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, ularga 40 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Ularning faoliyatidan norozilik bo‘yicha 111 ta shikoyat kelib tushgan. Eng ko‘p murojaat tushgan mahallalarda aholi va boshqaruv kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, zarur hollarda aylanma mablag‘ masalasi hal qilinadi. Infratuzilmaga oid muammolar esa investitsiya dasturlariga kiritiladi.
Uy-joy bilan ta’minlash masalasi
Uy-joy bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha ham 124 ta murojaat qayd etilgan. Joriy yilda Qarshi shahrida 3 ming 700 xonadonli yangi ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan murojaat qilgan fuqarolarga yangi uy-joylar taklif qilinib, ipoteka krediti va subsidiya masalalarini hal qilishda amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Ichki ishlar xodimlari faoliyatidan kelib tushgan shikoyat
Shuningdek, davlat idoralari faoliyati yuzasidan 794 ta shikoyat kelib tushgan. Masalan, ichki ishlar xodimlarining muomalasi va tergov sifati bo‘yicha 281 ta ariza qayd etilgan. Shu sababli ichki ishlar tizimida yosh tergovchilar va inspektorlar uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Nafaqa masalasi bo‘yicha 877 ta murojaat kelib tushgan. Bu murojaatlar kompleks tarzda ko‘rib chiqilib, ayrim ayollarning farzandlarini bog‘chaga joylashtirish, ishsiz ayollarni kasbga o‘qitish, yolg‘iz onalarga imtiyozli kredit ajratish va nogironligi bor fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish choralari ko‘riladi.
Qarshi shahri misolida yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur tizim barcha hududlar uchun namuna sifatida joriy qilinishi belgilandi.





