add

Namanganda hokim yordamchilari yer savdosida qo‘lga olindi

Bugun 08:181811 daqiqa

Namanganda «Yashil makon» loyihasi yerlarini noqonuniy sotishga uringan ikki hokim yordamchisi DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tezkor amaliyotida qo‘lga olindi.

Namanganda hokim yordamchilari yer savdosida qo‘lga olindi

Namangan shahridagi mahallalalardan birida hokim yordamchisining yer maydonini noqonuniy pul evaziga rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan harakati fosh etildi. DXX xabariga ko‘ra, u «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ajratilgan yerning 8 sotix qismini bir yilga «noturar maqomda foydalanib turish» tarzida berish va keyinchalik uning toifasini turarjoyga o‘zgartirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga fuqarodan 6 000 AQSH dollari talab qilingan.

DXXning Namangan viloyati boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tizimidagi tezkor tadbirda u pulni olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yangi Namangan tumanida ham o‘xshash holat kuzatilgan. Tuman hokimining tadbirkorlik va aholi bandligi bo‘yicha yordamchisi davlat zaxirasida turgan 12 sotix yer maydonini kadastrdagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgani ma’lum bo‘ldi. U fuqarodan 16 000 dollar talab qilib, oldindan 6 000 dollar olgan vaqtda qo‘lga olindi.

Tezkor tadbirlar doirasida ikki holatda ham pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Tergov organlari ularning qilmishi birinchi navbatda mansab vakolatini suiiste’mol qilish va korrupsiya moddalari bo‘yicha baholanmoqda.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid