
Namanganda xalqaro terroristik tashkilotga aloqador noqonuniy guruh fosh etildi
19.07.2025 | 08:099932
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir natijasida “Islom Davlati Xuroson Viloyati” terroristik tashkiloti tarafdorlaridan iborat yashirin guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Tashkilot faoliyati Namangan shahri va Davlatobod tumanida amalga oshirilgan.

Fosh etilgan “jamoat” 16 nafardan iborat bo‘lib, ularning yashash manzillaridan 37 ta telefon, 51 dona nashriyotsiz diniy adabiyot, 40 ta disk, 4 ta flesh-karta, noutbuk va planshet ashyoviy dalil sifatida olingan.
Guruh yetakchisi yig‘ilishlarda ekstremistik va terroristik mazmundagi “da’vat”lar uyushtirgan, shuningdek, “Telegram” orqali 120 nafardan ziyod a’zosi bo‘lgan kanal va guruhlar orqali “jihodiy” kontent tarqatgan. Bu platformalarda yoshlarga “shariat hukmlari” asosida radikal g‘oyalar singdirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, guruh yetakchisi 2022 yilda Istanbuldagi “hujra”da o‘qib, radikal qarashlarga berilib ketgan. U otasining nasihatini rad etib, uni “kofir” deb atagan.
Hozirda guruh tashkilotchisi va 3 nafar faol ishtirokchiga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Qolgan ishtirokchilar bo‘yicha surishtiruv ishlari davom etmoqda.





