
NATO davlatlari 2024 yilda AQSH qurol-yarog‘lariga 21 mlrd dollar sarfladi
30.06.2025 | 08:0048562
2024 yilda NATO davlatlari AQSHdan qurol-yarog‘ va harbiy texnika sotib olish uchun 21 mlrd dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltirdi. Bu haqda AQSHning NATOdagi doimiy vakili Mettyu Uitaker ma’lum qildi.

Mettyu Uitakerga ko‘ra, AQSH harbiy innovatsiyalari va texnologiyalari jahonning boshqa davlatlaridan ancha ustun. NATOning umumiy mudofaasi va harbiy salohiyati aynan shu texnologiyalarga tayanib ta’minlanmoqda. Uning ta’kidlashicha, Amerika qurollarini xarid qilish orqali Yevropa mamlakatlari AQSH ish o‘rinlari va uning ishlab chiqarish salohiyatini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Biroq Uitaker NATO xavfsizligi uchun tahdidlarning ortib borayotganini qayd etib (https://statedept.substack.com/p/europes-defense-investment-fuels-nato-strength-and-u-s-jobs), alyansni yangi zamonaviy tahdidlarga moslashish zarurligiga chaqirdi. Uning fikricha, NATO hududlari atrofidagi beqarorlik va alyans raqiblarining harakatlari jahon xavfsizligi uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.
Bloomberg agentligining yozishicha, ayni paytda ayrim Yevropa davlatlari AQSH qurollarini xarid qilishdan voz kechish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bunga AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani egallash to‘g‘risidagi bahsli bayonotlari va Ukrainaga harbiy yordamni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishi kabi harakatlari sabab bo‘lgani qayd etilmoqda.





