
NATO Rossiya mudofaa sanoati o‘sib borayotganidan xavotirda
15.05.2025 | 13:0047383
NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya mudofaa sanoatida kuzatilayotgan o‘sishdan jiddiy xavotir bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva harbiy sanoatda katta yutuqlarga erishmoqda va bu holatga nisbatan G‘arb mamlakatlari chora ko‘rishi zarur.

Ryutte o‘z bayonotida NATO a’zosi bo‘lgan davlatlarni ushbu masalaga jiddiy yondashishga chaqirdi. Unga ko‘ra, Rossiyaning harbiy imkoniyatlarini kuchaytirishi xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solishi mumkin, deb xabar bermoqda RIA Novosti axborot agentligi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham so‘nggi haftalarda mudofaa sanoatini rivojlantirish masalasini Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida ko‘targan edi. U ushbu sohani ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan va amaliy vazifalarni belgilab bergan.
Avvalroq, NATO mudofaaga YAIMning 5 foizini ajratish bo‘yicha Tramp talabini hayotga tatbiq etmoqchiligi xabar qilingan edi.
NATO ittifoqchilari 2032 yilga qadar mudofaa va xavfsizlik sohalariga YAIMning 5 foizini ajratish bo‘yicha yangi kelishuv ustida ish olib borishmoqda. Bu taklif AQSH prezidenti Donald Trampning talabidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilmoqda.
Alyans bosh kotibi Mark Ryutte ilgari surayotgan rejaga ko‘ra, ajratmalarning 3,5 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri mudofaa xarajatlariga, yana 1,5 foizi esa harbiy logistika, kiberxavfsizlik va shu kabi sohalarga yo‘naltiriladi.





