
NATO Rossiyaning cho‘loq suv osti kemasini masxara qildi
14.10.2025 | 20:4822916
Ittifoq bosh kotibi «Novorossiysk»ning La-Manshdan o‘tishini «yaqin atrofdagi mexanikni izlash»ga o‘xshatdi.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte «yolg‘iz va shikastlangan Rossiya suv osti kemasining uyiga zo‘rg‘a qaytib kelayotgani» Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining ilgari o‘ylanganidan ancha zaif ekanligini ko‘rsatishini ta’kidladi. Bu haqda Newsweak xabar bermoqda.
«Yolg‘iz va shikastlangan Rossiya suv osti kemasi patruldan so‘ng uyiga zo‘rg‘a qaytib kelmoqda. Tom Klensining 1984 yildagi «Qizil Oktyabr ovi» romaniga nisbatan qanday o‘zgarish yuz berdi. bugungi kunda bu ko‘proq yaqin atrofdagi mexanikni qidirishga o‘xshab ketmoqda», - dedi Ryutte dushanba kuni Sloveniya poytaxti Lyublyanada so‘zlagan nutqida.
Moskva kemaning nosozligini inkor etmoqda.
Buyuk Britaniya harbiy-dengiz floti xabar berishicha, uning harbiy kemalaridan biri va vertolyoti 7 oktyabrdan 9 oktyabrgacha La-Manshning janubi-g‘arbiy chekkasidagi Fransiyaning Uessan oroli yaqinida «Novorossiysk» suv osti kemasining «har bir harakatini» kuzatish bo‘yicha NATO sa’y-harakatlariga qo‘shilgan. Britaniya dengiz floti ma’lumotiga ko‘ra, suv osti kemasiga shatakchi kema hamrohlik qilgan.
Rossiya maxsus xizmatlari bilan aloqador ekanligi ta’kidlanayotgan Rossiya Telegram-kanali sentyabr oyi oxirida «Kilo» sinfidagi dizel-elektr suv osti kemasi «bortida jiddiy texnik muammolar»ga duch kelganini - yonilg‘i kema tryumiga oqib tushganini xabar qilgandi. VCHK-OGPU kanali ma’lumotlariga ko‘ra, ekipajda maxsus bilim va ehtiyot qismlar bo‘lmagan ekan.
Rossiya Qora dengiz floti «Novorossiysk» suv osti kemasining Fransiya qirg‘oqlari yaqinida go‘yoki nosozlik tufayli favqulodda suv yuzasiga chiqishi haqidagi xabarlarni yolg‘on deb e’lon qildi. Rossiya floti dushanba kuni TASS davlat agentligi orqali tarqatgan bayonotida, ekipaj O‘rta yer dengizida rejali flotlararo o‘tishni amalga oshirganini ma’lum qildi.
NATO Dengiz qo‘mondonligi (MARCOM) qo‘mondoni 9 oktyabr kuni suv yuzasiga ko‘tarilgan suv osti kemasining ikkita suratini e’lon qilib, fransuz fregatining "Novorossiysk"ni kuzatayotganini xabar qildi.
«Rossiya kemalari La-Mansh bo‘g‘ozidan tez-tez o‘ta boshladi va bizning Qirollik dengiz flotimiz suvlarimiz hamda suv osti kabellarimizning xavfsizligini ta’minlash uchun ularning harakatlarini diqqat bilan kuzatib, kecha-yu kunduz faoliyat olib bormoqda», - deya seshanba kuni Buyuk Britaniya Qurolli kuchlari vaziri El Karns ma’lum qildi.
Suv osti kemasiga hamrohlik qilgan Britaniyaning HMS Iron Duke kemasi qo‘mondoni shunday fikr bildirdi: «Rossiyaning suv yuzasiga ko‘tarilgan suv osti kemasi har doim e’tiborimizni jamlashga undaydi».
Ryuttening aytishicha, Rossiya harbiylari «cho‘zilib ketgan» va «O‘rta yer dengizida Rossiya harbiy-dengiz kuchlari deyarli qolmagan». NATO rahbari qo‘shimcha qildi: «Biz Rossiya tahdidini past baholamasligimiz, lekin uning imkoniyatlarini ham ortiqcha baholamasligimiz kerak».
2014 yilda foydalanishga topshirilgan «Novorossiysk» Rossiyaning zamonaviy «Kalibr» dengiz qanotli raketalarini olib yurish qobiliyatiga ega. Bu raketalar Ukrainaga qarshi urushda muntazam ravishda qo‘llanilmoqda.





