
Navoiyda bir maktab bitiruvchilarining barchasi talaba bo‘ldi
Navoiy shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati barcha 60 nafar bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.

Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabariga ko‘ra, joriy o‘quv yilida mazkur maktab-internatini bitirgan 60 nafar o‘quvchining barchasi OTM talabasiga aylandi. Ulardan 42 nafari davlat granti asosida, 18 nafari esa kontrakt asosida o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumotga ko‘ra, bitiruvchilar test sinovlarida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan. Maktab direktori Odil Norovning ta’kidlashicha, jamoa o‘quv yili boshidanyoq ushbu maqsadni ko‘zlab ish olib borgan va natijada 100 foizlik muvaffaqiyatga erishgan.
Bundan tashqari, Navoiy shahridan yana 34 nafar maktab bitiruvchisi joriy yilgi test sinovlarida eng yuqori ko‘rsatkich — 189 ball to‘plab, 100 foizlik natijani qayd etgani ma’lum qilindi.
Bu holat viloyatda ta’lim sifati va o‘quvchilarning bilim darajasi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Mutasaddilar fikricha, ushbu natija maktab-internat tizimida samarali o‘quv dasturlari va ustozlar mehnati bilan bevosita bog‘liq.





